«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ID-69486 loyihasi regulation.gov.uz.uz portaliga keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Ushbu loyihada O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga yangi 192-12-modda kiritilishi taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning banklardagi mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki hisobdan chiqarish va ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilmoqda.
Loyihada agar bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari mijozning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki hisobdan chiqarish, va ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini jismoniy va yuridik shaxslarning birinchi talabiga asosan qaytarmaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan uch 360 majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, o‘sha harakatlar, ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 500 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bu degani, agar bank mijozlarning ruxsatisiz ularning bankdagi mablag‘larini qonunga xilof ravishda boshqa joylarga o‘tkazsa yoki mijoz talab qilganda vaqtida qaytarmasa yoki ortiqcha pul undirib, uni o‘z vaqtida qaytarmasa, yuqorida keltirilgan javobgarlik belgilanadi.
Firibgarlik va o‘g‘rilik uchun jazo og‘irlashtirilishi mumkin. Axborot tizimlariga noqonuniy kirib va ulardan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima to‘lanadi. Hozir bu miqdor 100 dan 300 gacha yoki amaldagi normaga ko‘ra ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan bo‘lsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha etib qat’iy belgilanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, agar ruxsatsiz sizning kartangizdan pul o‘g‘irlashsa yoki sizni aldab karta ma’lumotlaringizni olib pul o‘g‘irlashsa, 90 million so‘mdan 120 million so‘mgacha jarima yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA