Firibgarlar nafaqat mobil telefon va hamyonlarni sezdirmay o‘g‘irlashi, balki bank kartalaridagi pulga noqonuniy egalik qilishi ham mumkin. Kartadagi pulni ulardan himoya qilish uchun ko‘plab yo‘llar va texnologiyalar ixtiro va tashkil qilingan. Firibgarning tuzog‘iga tushmaslik uchun har doim 6 ta muhim xavfsizlik qoidalariga rioya qilish kerak.
1-qoida. Parol va kodlaringizni hech kimga aytmang!
Kartaning PIN-kodi, CVC-/CVV-kodi (VISA va Mastercard uchun kartaning old tarafidagi maxfiy kodi), amal qilish muddati va boshqa ma’lumotlarini hech kimga aytmang.
Misol uchun, agar Sizga bankning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatidan yoki «Bank menejeri» qo‘ng‘iroq qilib kartangiz bloklanganligini aytib kartangiz ma’lumotlarini so‘rasa ehtiyot bo‘lishingiz kerak. Bank xodimi hech qachon kartaga bog‘liq ma’lumotlarni so‘ramaydi.
Xaridlar yoki hisobvaraq bo‘yicha to‘lovni amalga oshirganingizda kartangizni sotuvchi yoki ofitsiantning qo‘liga bermang, hamda PIN-kodini ularga aytmang. Parolingizni kiritishda to‘lov terminali yoki ATM bankomatlarida klaviaturasini har doim qo‘lingiz bilan yopib turing. Bundan tashqari, nazorat kameralari Sizning PIN kodingizni terayotgan jarayonni ko‘rmayotganligiga ishonch hosil qiling. Bank kartasi va bank veb-saytidagi shaxsiy kabinetingizga kirish uchun murakkab parolni yarating.
2-qoida. Bank kartangizga SMS-xabarnomasini ulang!
Har doim hisob operatsiyalaringizni kuzatib boring. Barcha faol kartalaringiz bo‘yicha SMS-xabarnoma xizmatini ulab qo‘ying. Shunda har bir karta bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalar haqida xabarnoma olasiz. Buning uchun Sizga xizmat ko‘rsatuvchi bankomatlarda «SMS-xabarnoma»ni tanlab, mobil telefon raqamingizni kiritishingiz kerak.
‼️MUHIM!!! «SMS-xabarnoma» xizmati pullik.
3-qoida. Antiviruslardan foydalaning!
Antivirus dasturini Siz foydalanadigan barcha moslamalarga - kompyuteringiz, planshetingiz va mobil telefoningizga o‘rnatish juda muhimdir. Antivirus dasturi firibgarlar pul o‘g‘irlash uchun foydalanadigan dasturlar va veb-saytlardan Sizni himoya qiladi.
Internetda funksiyalari cheklangan antivirus dasturlarining bepul versiyalarini topishingiz mumkin. Eng muhimi, ularni rasmiy ilovalar do‘konlaridan yoki taniqli antivirus ishlab chiquvchilarning veb-saytlaridan yuklab olishdir.
4-qoida. Ma’lumotni qayta tekshiring!
Kartangiz bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni (blokirovka, to‘lovlar rad etilishi) qayta tekshiring. Buning uchun bankning ishonch telefoniga murojaat qiling.
6-qoida. Xavfsiz veb-saytlarni tanlang !
Faqat tasdiqlangan veb-saytlarga kiring. Sizga SMS-xabarlar orqali yoki elektron pochtangizga noma’lum «xayrixoh»lardan kelgan internet havolalarga kirmang.
Veb-saytni qanday tekshirish mumkin?
Firibgarlar taniqli rasmiy onlayn-do‘konga o‘xshash soxta veb-sayt yaratadilar. Soxta veb-saytning nomi bir nechta harfdan tashqari deyarli rasmiy veb-sayt bilan bir xil bo‘ladi. Shuning uchun har doim brauzerning manzil satrini (veb-sayt manzili ko‘rsatilgan qatorni) diqqat bilan tekshirishingiz kerak. Rasmiy va ishonchli veb-saytlar manzilini qo‘lda tering yoki brauzerning saqlab qolish funksiyasini ishlating;
Veb-sayt manziliga e’tibor bering. Xavfsiz veb-sayt https:// bilan boshlanadi. Himoyalangan veb-sayt manzili satrning oxirida yopiq qulf belgisi bo‘ladi. Agar veb-sayt xavfsiz bo‘lmasa, unga shaxsiy yoki kredit karta ma’lumotlarini kiritmaslik kerak.
Har qanday veb-saytga bank kartasi yoki pasport ma’lumotlarini kiritishdan oldin, uni yaxshilab o‘rganib va internetda foydalanuvchilar qoldirgan fikrlarni ko‘rib chiqish kerak.
O‘zA