Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karomatning nurli odimlari
12:02 / 2023-06-16

O‘z yurtini jondan ortiq sevgan, butun umrini shu yurt uchun fido qilishga tayyor turgan oilalar Sirdaryoning Xovos tumanida ham bor. “Farhod” mahallasida istiqomat qilayotgan Jo‘lbekov oilasi shunday ibratli oilalar sirasidan.

Oilada to‘rt qiz bo‘lib hammasining o‘rni bo‘lak. Ayniqsa, Karomatxonning hayotga bo‘lgan munosabati opa-singillaridan farq qiladi. Unga qishloqdoshlari matonatli qiz deb ta’rif beradi. Qo‘llari yo‘qligi sabab u oyoqlari bilan surat chizadi. Karomat tengdoshlari qatori o‘rta maktabda ta’lim olmadi. Xovos tumani 5-sonli maktab fidoyi o‘qituvchilar tomonidan uyda ta’lim oladi. Ta’lim olish jarayonida uning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishi o‘z natijasini berdi. Turli tanlovlarda g‘olib bo‘lishga ham ulgurdi. Uning bu yutuqlarni qo‘lga kiritishida 70 yoshni qarshilayotgan buvisi Ro‘za aya sababchi bo‘ladi.  

Onadan tug‘ma nogiron bo‘lib dunyoga kelgan nabirasini tasviriy san’atga qiziqishi borligini anglagan aya Karomatga olti yoshligida ilk bor qog‘oz va qalam olib kelgan. – “Bu nabiramni hammadan boshqacha ko‘raman. Olloh yaxshi ko‘rgan bandasiga dard berib sinaydi. Dastlab, rasm chiza boshlaganida uning mashaqqat chekayotganini ko‘rib, chizgan rasmlari o‘xshamasa, nabiramning yig‘laganlarini kuzatib, xato qildimmikan, deb o‘ylanib qolardim. O‘sha paytlarda ota-onasi bilan birga unga dalda bo‘lishga harakat qilardik. Uning siqilganini ko‘rib, o‘zim ham pana-panalarda yig‘lab olardim. Lekin, ming shukrki, nabiram o‘zida kuch va iroda topa oldi. Respublikada yosh ijodkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan rasmlar tanlovida oltin medal oldi”, – deya hayajonini yashira olmadi.  

Qahramonimizning natijalari ham havas qilsa arzigulik. Fanlarning deyarli barchasidan a’lo baholarga o‘qiydi. Ayniqsa, rus tili va ona tili faniga bo‘lgan qiziqishi kuchli. Uning orzusi kelajakda O‘zbekistonning eng yaxshi rassomi bo‘lish va mamlakatimiz nomidan xalqaro tanlovlarda g‘oliblik shohsupasini egallashdir. Bu rejalarga zamin bo‘lguvchi natijalar ham qayd etilgan. 2022 yili “Maftunkor ranglar olami” tanlovining tuman, viloyat, Respublika bosqichida ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.  

–“O‘ng oyog‘imda rasm chizaman. Mehribon enajonim doim chizganlarim bilan qiziqadi. Tanlovlarga ham enam hamrohligida boraman. Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Maftunkor ranglar olami” respublika tanlovida birinchi o‘rinni oldim. Juda ko‘p sovg‘alar berishdi. Uyga katta televizor, pech, rasm chizadigan doska, bir million pul mukofoti, oltin medal va diplom bilan qaytdim. Oddiy ishchi otajonim ham, uy bekasi onajonim ham juda xursand bo‘ldi. Ochig‘i, shuncha sovg‘ani uyga olib kelganimda hamma havas qilib qaradi. Ayniqsa, enamning mahallaga kirib kelishlarini ko‘rsangiz edi. Albatta, sovg‘a muhim emas, muhimi e’tibor. Chizgan rasmlarim insonlarga quvonch bag‘ishlasa deyman. Mana shuning o‘zi men uchun katta yutuq. Bu yutuqlarga erishishimda hukumatimizdan, biz kabi nogironlarga astoydil g‘amxo‘rlik qilayotgan Prezidentimizdan behad minnatdorman. Hech qachon imkoniyatim cheklangan deb aytmayman.  

Karomat O‘zbekiston Yoshlari ittifoqi Xovos tuman Kengashi raisi Ortiq G‘afurov, tuman “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Muhammadqul Usmonovdan ham minnatdor. Ular tomonidan uning barcha tadbirlarga jalb qilinishi o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada oshirdi. Faqat olg‘a borish, hech qachon chekinmaslik va taslim bo‘lmaslik uning hayotdagi shioridir. Dizaynerlik sohasida ta’lim olishni ham ko‘zlab qo‘ygan Karomatxon kelajakda balki rassom, balki shoir, balki dizayner bo‘lar. Nurli manzillar sari dadil qadam tashlayotgan qahramonimizga hayotning mashaqqatli yo‘llarida ulkan cho‘qqilarni zabt etishiga tilakdoshmiz.  

 

Shuhrat Suyarov, O‘zA.