Har yili mamlakatimizda ham 13 noyabr – Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni sifatida nishonlanadi.
Ushbu sana 1984 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qaroriga ko‘ra Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni deb e’lon qilingan.
Sana munosabati bilan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi “Olmos” tantanalar uyida O‘zLiDeP Karmana tuman Kengashi raisi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Yusuf Murodov tashabbusi bilan tadbir tashkil etildi.

Unda 60 nafardan ortiq ko‘zi ojiz hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, mahallalar faollari, nuroniylar, partiya faxriylari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida yurtimizda ijtimoiy himoyaga va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj, nogironligi bor aholi qatlamiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratib berilayotgan sharoitlar haqida so‘z yuritilib, xalqimizning azaliy qadriyati bo‘lgan saxovat va muruvvat, mehr-oqibat tuyg‘ulari jamiyatda totuvlik va ahillikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Ushbu ezgu tashabbus mehr-muruvvat, insonparvarlik va ijtimoiy birdamlik qadriyatlarini yanada mustahkamlash, fuqarolarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biridir.

Tadbir davomida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA