“Navoiy suv ta’minoti” AJ direktori Otabek Zaripov “SAFEGE Ankara-Tumas” (Fransiya-Turkiya) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“O‘zsuvta’minot” AJ va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida Karmana tumani hududida oqava suv tizimlarini qurish maqsadida qurilish-montaj ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tender savdolari o‘tkazilib, Turkiya davlatining “SAFEGE Ankara-Tumas” (Fransiya-Turkiya) kompaniyasi g‘olib deb topilgan edi.

Uchrashuvda mehmonlar loyiha doirasida oqava suv tozalash inshooti uchun ajratilgan yer maydonlari bilan yaqindan tanishdi hamda loyihani amalga oshirish uchun mavjud shart-sharoitlar va qurilish jarayonlari davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida loyiha bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va oqava suv tozalash inshooti qurilishini jadallashtirish bo‘yicha ishlar muhokama qilinib, hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.

Ushbu loyiha Karmana tumanida oqava suv tizimini tubdan yaxshilash, aholining turmush darajasi va ekologik holatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri