Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karmana tumanida “Narpay” kanali rekonstruksiya qilinmoqda
11:22 / 2026-01-15

Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va aholining turmush farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda Navoiy viloyati Karmana tumanining Narpay hududidan oqib o‘tuvchi “Narpay” kanalida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Narpay” kanali hududdagi muhim sug‘orish inshootlaridan biri hisoblanadi. U orqali minglab gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlari suv bilan ta’minlanib kelinmoqda. Kanalning texnik holatini yaxshilash, suv yo‘qotishlarini kamaytirish hamda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida uni to‘liq rekonstruksiya qilish boshlandi. 

Loyiha doirasida dastlab kanal atrofi o‘rganilib, rekonstruksiya jarayoniga to‘sqinlik qilayotgan ayrim noqonuniy qurilma va inshootlar mavjudligi aniqlandi. Qurilish-montaj tadbirlarini belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish uchun ushbu holatlar bartaraf etildi.

– Mazkur loyiha davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda, – deydi Karmana tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Ulug‘bek Tursunov. – Loyihaga 6,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 4,8 kilometr masofadagi kanal to‘liq rekonstruksiya qilinadi. Hozirgi kunda ishlar reja asosida bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Rekonstruksiya jarayoni yakuniga yetgach, kanalning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshiriladi, suv yo‘qotishlari keskin kamayadi hamda suv ta’minoti tizimi yanada barqarorlashadi. Eng muhimi, mazkur kanal orqali 5 ming 134 gektar sug‘oriladigan yer maydonining suv ta’minoti yaxshilanadi.

Bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini kuchaytirish hamda hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuningdek, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham muhim hissa qo‘shadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu rekonstruksiya ishlari hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri