Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karmana tumanida bog‘chalar soni ko‘paydi
17:02 / 2023-06-02

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Navoiy viloyatining Karmana tumanida bir qator maktabgacha ta’lim tashkilotlari foydalanishga topshirildi.

Jumladan, “Do‘rmon” mahallasida qurilgan “Do‘rmon kichkintoylari” davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 50 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 1 milliard 248 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan.

“Talqoq” mahallasidagi “Pervыy shag” nomli rus tiliga ixtisoslashtirilgan oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti esa 35 o‘ringa mo‘ljallangan.  

Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotlari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlarda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, ular uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.  

Tadbir ishtirokchilari yangidan bunyod etilgan bog‘chalarda bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi va kelajagimiz vorislari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlardan bahramand bo‘ldi. Shu kunga qadar tumanda 29 davlat, 22 davlat-xususiy sherikchiligidagi va 73 oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud edi. Tumanda 2017 yilda 18 davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 2519 nafar bola qamrab olinib, qamrov darajasi 24,1 foizni tashkil etgan. 2023 yilda esa 124 maktabgacha ta’lim tashkilotiga 10 ming 667 nafar 3-7 yoshli bolalarning 8559 nafari qamrab olingan. Shuningdek, 6 yoshli bolalarning 91 foizi majburiy ta’limga jalb etilgan.  

A.Bo‘riyev, O‘zA