Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karmana maktablari qishga tayyormi?
23:46 / 2023-11-06

Bugun ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida eng chekka qishloqlarimizda ham zamon talablariga javob beradigan, barcha o‘quv va laboratoriya jihozlari bilan jihozlangan, shaharlardagidan qolishmaydigan o‘quv maskanlari qad rostlamoqda..

Shu kunlarda esa barcha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilmoqda.  

Navoiy viloyati Karmana tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tizimida bugungi kunda 31 ta umumta’lim maktabi mavjud. Ko‘mir bilan isitiladigan ta’lim tashkilotlariga jami 5092,2 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilgan. Tabiiy gaz bilan isitiladigan maktablardagi qozonxonalar ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitiladigan qozonxonalarga almashtirilmoqda.  

Tumandagi 11-umumta’lim maktabi 2018 yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan. Ayni paytda bu yerda 684 nafar o‘quvchiga 58 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.  

– Maktabimiz 495 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, darslar ikki navbatda olib boriladi, – deydi maktab direktori Fuzayl Yusupov. – O‘quvchi va o‘qituvchilarimizga qulayliklar yaratish maqsadida joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1,8 milliard so‘m bo‘lgan ikki qavatli qo‘shimcha bino qurildi. Ayni paytda jihozlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, shu kunga qadar maktabimizda sport zali mavjud emas edi. O‘quvchilarimiz yog‘in-sochinli kunlarda jismoniy tarbiya darsini sinfxonalarda o‘tishardi. Futbol, voleybol, basketbol o‘yingohlarimiz tuproqli maydondan iborat bo‘lganligi bois qor, yomg‘irli kunlarda loy bo‘lardi. Hozir 12x24 hajmdagi sport zali qurilishi yakunlanish arafasida. Sport zali uchun mahalliy byudjetning orttirilgan mablag‘lari hisobidan 1,2 milliard so‘m mablag‘ sarflanmoqda.  

Maktabning isitish tizimi asosan tabiiy gazga moslashtirilgan bo‘lib, joriy kuz-qish mavsumida ko‘mirdan foydalanish tizimiga o‘tkazilmoqda. Mavjud qozonxonalarga maxsus qurilmalar o‘rnatilyapti. Mavsum uchun 105 tonna 720 kg ko‘mir zaxirasi yaratilgan.  

Tumandagi 128-umumta’lim maktabi esa 1994 yilda qurilgan bo‘lib, 2007 yilda kapital ta’mirlangan. 976 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladigan dargohda har yili yengil pardozlash ishlari olib boriladi.  

– Maktabimizda 11 ta qozonxona mavjud, – deydi maktab direktori Bahriddin Toyirov. – Hozir qozonxonalarimizdagi uskunalar yangisiga almashtirilmoqda. Shu kunga qadar 90 ta mo‘ri o‘rniga 39 tasi olib kelingan. Qolganlari ham tez kunlarda olib kelib o‘rnatiladi. Mavsum boshlanguncha barcha yumushlarimiz yakuniga yetkaziladi.

Maktabda 2 ta sport zali mavjud bo‘lib, har ikkalasi ham ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Garchi o‘quvchilarning kiyinish va yuvinish xonalari mavjud bo‘lsa-da, talab darajasida emas. Yuvinish xonasida kanalizatsiya tizimi ishlamasligi bois umuman sharoit yo‘q. 2-sport zalida esa yoritish tizimi ishlamaydi. Projektorlar ishlamasligi bois maktab ma’muriyati tomonidan qo‘yilgan yoritgichlar yetarli darajada yorug‘lik berolmaydi. O‘quvchilar nim qorong‘i sharoitda zaldan foydalanadilar. Zal ta’mirtalab ahvolda.  

Tumandagi 27-umumta’lim maktabi qurilganiga 55 yil bo‘ldi. 630 o‘ringa mo‘ljallangan maktabning eshik, deraza va tom qismi 2022 yilda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan almashtirilgan.  

– 2022 yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 800 million so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritib, 11 ta sinfimizga stol-stul, 6 ta sinfimizga elektron doska xarid qildik, – deydi maktab direktori Farog‘at Bo‘tayeva. – 9x18 hajmdagi sport zalimiz mavjud. Ushbu zalimiz ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Kiyinish xonasidagi linolumlar foydalanishga yaroqsiz, devorlari ko‘chgan, suv o‘tgan joylari mavjud. Yuvinish xonalari ishlamaydi. Ushbu muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida joriy yil “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2-mavsumida ishtirok etib, 1,3 milliard so‘m mablag‘ yutib oldik. Ushbu mablag‘ evaziga kelgusida sport zalimiz ham hamma havas qilgulik darajaga keltirilib, ta’mirlanadi.

Tumandagi yana bir maktab – 9-umumta’lim maktabi 1956 yilda qurilgan bo‘lib, maktab direktori Ne’mat Muhammadiyevning aytishicha, 2018 yilda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida kapital ta’mirlangan. Hozir ta’lim dargohida 544 nafar o‘quvchi ta’lim oladi.  

Maktabning tashqi devorlarining ayrim qismlari ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Garchi maktabda sport zali mavjud bo‘lsa-da, abgor ahvolda. Devorga o‘rnatilgan panellar o‘quvchilar tomonidan sindirib tashlanib, qarovsiz ahvolga kelib qolgan. Kiyinish xonalari ta’mirga muhtoj. Zal kirish yo‘lagidagi marmar plitalari sinib, yaroqsiz holga kelib qolgan.  

[gallery-14426]

Maktab hududida olib ketilmagan chiqindilar uyumi mavjud. Kuz-qish mavsumida ishlatish uchun 258,3 tonna ko‘mir zaxirasi yaratilgan bo‘lib, hozir mavjud 6 ta qozonxonada uskunalar to‘liq o‘rnatilmagan.  

Qish eshik qoqmoqda. Salqin kunlar boshlanmoqda. Bu esa tezroq mavsumga tayyorgarlik ishlarini yakunlash zarurligini bildiradi. Ayni paytda tumandagi aksariyat maktablarda tabiiy gaz bilan isitiladigan tizimning ko‘mirga o‘tkazilish jarayonlari yakunlanmagan. Yana sanoqli kunlardan keyin barcha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlari kuz-qish mavsumiga o‘tkaziladi. Demakki, mavsumga tayyorgarlik ishlarini yanada tezlashtirish talab etiladi.  

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),

O‘zA muxbirlari