Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoir va tarjimon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ustoz jurnalist va olim Karim Bahriyevning uch jildlik “Dunyo she’riyati” antologiyasi, “So‘z erkinligi haqida so‘z”, “Toqat”, ”Betoqat” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev va boshqalar Karim Bahriyevning serqirra ijodi haqida batafsil so‘z yuritdi.
Karim Bahriyevning o‘ttiz yil davomida tarjima qilgan, to‘plagan va tayyorlagan ulkan asari uch jildlik, bir yarim ming betlik, dunyoning besh qit’asidagi 144 mamlakat she’riyatidan 494 shoirning she’rlarini jamlagan “Dunyo she’riyati” antologiyasi nashri o‘quvchilar e’tiboriga havola qilindi. Kitobda jahon she’riyati bilan birga folklor namunalari, xalq qo‘shiqlari, bayotlari va o‘nlab shoiri noma’lum she’rlar ham bor.
Ustoz ijodkor, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning fikricha, ushbu kitobda besh qit’a, 144 mamlakatning har biridan hech bo‘lmasa bir shoirning bir go‘zal asari bor. Biz bilgan turkiy, forsiy xalqlar adabiyoti bilan birga Osiyo, Afrika, Ko‘rfaz va O‘rta Sharq, Ovro‘po, Shimoliy va Janubiy Amerika, Okeaniya davlatlari she’riyati ushbu antologiyaga jamlangan.
– Karim Bahriyev publitsist, olim, huquqshunos, jurnalist bo‘lishi bilan birga katta shoirdir, – dedi filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Ijodkor bu dunyoni she’riyat ko‘zi bilan ko‘radi va bu kitobxonda hayajon uyg‘otadi. Uning she’riyatida yonishga arziydigan, mangulikka qoladigan, yashashga qiymat bo‘ladigan, millat ruhiyatini aks ettiradigan tuyg‘ular mujassam.
Karim Bahriyevning “So‘z erkinligi haqida so‘z” kitobida insonning fikrlash va so‘zlash, muloqot va muhokama qilish erkinligining mohiyati, taqdiri, ahamiyati va istiqbolidan so‘z yuritiladi. Haqli ta’kidlangani kabi hokimiyatning jurnalistlarga va ommaviy axborot vositalariga munosabati bu hokimiyatning o‘z fuqarolariga munosabatini ko‘rsatadi. Chunki, so‘z erkinligi ana shu fuqarolarning erkinligidir.
Karim Bahriyevning “Toqat” kitobidan joy olgan she’rlarning aksariyatida xalqning o‘rtangan, yongan, kuygan, iztirobga to‘la hayqiriq nidosi doim eshitilib turadi.
Shuningdek, muhabbat, mehr-oqibat mavzusidagi falsafiy she’rlari o‘quvchiga, albatta, manzur bo‘lishi shubhasiz. “Betoqat” kitobi Karim Bahriyevning serg‘alva hayotdagi teran kuzatuvlari asosida bitgan maqolalari to‘plamining davomidir. Unda iqtisodiyot, adabiyot va jurnalistika, jamiyat, madaniyat mavzularida turfa maqolalarni o‘qish mumkin. Muallif milliy mafkura va umuminsoniy qadriyatlar, raqamli iqtisodiyot, korrupsiya kabi ko‘plab mavzularda bong uradi. So‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalari, til siyosati masalalariga ham to‘xtalib o‘tadi.
Anjumanda ustoz ijodkor Karim Bahriyevning ijod yo‘li, yangi kitoblari haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA