Talabalarni, ayniqsa bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida yoshlar uchun «Karera markazi» tashkil etildi.
Tashkil etilgan ushbu markaz talaba va bitiruvchilarga hozirda mavjud bo‘lgan va mehnat bozori talab qilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar berib boradi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimi bilan hamkorlikda Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari elektron bazasi yaratildi. Ushbu elektron baza orqali talabalar o‘zlari yashayotgan tumanidan belgilangan mezonlar asosida mos ish o‘rinlarini topishlari mumkin. Elektron baza har oyda yangilanadi va unga yangi bo‘sh ish o‘rinlari kiritilib boriladi.

Markazning ochilish marosimida universitet talabalariga uning maqsad va vazifalariga qaratilgan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Markazning maqsadi bugungi kunda ish izlayotgan talabalarni yarim kunlik ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy o‘sishi, ish beruvchilar bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirishdan iborat.

Ish izlovchilar, ish beruvchilar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ochiq vakansiyalar ro‘yxatlari bazalarini shakllantirish ham kiradi.
Markaz bo‘sh ish o‘rinlari uchun talabalardan talab etilayotgan bilim, ko‘nikma va malakalar bilan ularni xabardor qilib borishni asosiy vazifa qilib belgilaydi. Ushbu xizmatda talabalar uchun kelgusida kasb tanlashda, suhbat jarayonida asqatadigan tavsiya va vaqt unumdorligini oshiruvchi maslahatlar havola etiladi. Bundan tashqari talabalar uchun o‘zlarining ishga bo‘lgan munosabatlari va ishga qanday yondashishlarini aniqlab beradigan testlar to‘plami kiritiladi.