Andijon davlat pedagogika institutida “Karera kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Institutning bitiruvchi talabalari, professor-o‘qituvchilari, Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, boshqarma tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablar rahbarlari, ish taklif etayotgan korxona va tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan “Karera kuni” doirasida qator tadbirlar o‘tkazildi.
“Karera kuni” bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Mehnat yarmarkasi” tadbiri bilan boshlandi.
Dastlab ish beruvchi tashkilotlar vakillari institutda bayramona tarzda kutib olindi. Ular institutda o‘qituvchi va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, dars jarayonlari, ilmiy va o‘quv laboratoriyalar, innovatsion-tadqiqot markazlari faoliyati bilan tanishtirildi.
Shundan so‘ng, ish beruvchilarning bitiruvchi talabalar bilan uchrashuvi, o‘zaro muloqoti bo‘lib o‘tdi. Muloqotda Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov, Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Karimov bitiruvchi talabalarni muborakbod etib, kelgusi ishlarida omadlar tiladi, sharfli kasbda samarali faoliyat yuritishlariga ishonch bildirdi.
– Joriy yilda institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini 654 nafar talaba, magistratura yo‘nalishini 11 nafar magistr tamomlaydi, –- deydi Andijon davlat pedagogika instituti rektori B. Rasulov. – Ularning bandligini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri. Bugungi tadbirda ularning ma’lum qismi o‘z ish joylariga ega bo‘ladi. Shu o‘rinda ishonch bilan ayta olamanki, bitiruvchilarimiz yosh, malakali mutaxassis sifatida jamiyatda, albatta, o‘z o‘rinlarini topa oladi.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, mamlakat kelajagi, turli sohalar rivoji, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi, loyihalar muvaffaqiyati bevosita bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak intellektual salohiyatga ega, o‘z sohasining ustalari bo‘lgan kadrlarga bog‘liq ekanligi alohida ta’kidlandi.
Andijon viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Karimov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi Eldor Isayev viloyatning tuman va shaharlaridagi vakant ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar berdi, bitiruvchilarni ishga taklif etdi.
“Mehnat yarmarkasi”, axborot-tanishtiruv tadbirida ish beruvchi tashkilotlar tomonidan 500 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. O‘z navbatida ish beruvchi muassasa va tashkilotlarga institutning bitiruvchi talabalari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.
[gallery-17425]
Tadbir davomida ish beruvchilar va talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan suhbatlar asosida bitiruvchi talabalarning 218 nafariga ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanmalar berildi.
– Ish beruvchi tashkilot rahbari bilan uzoq suhbat bo‘ldi, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bitiruvchisi Begoyim Murodova. – Suhbatda mutaxassis sifatida o‘zimni namoyon etishga harakat qildim. Yakunda men Andijon shahridagi 43- sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ishlash taklifini oldim, menga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Biz bitiruvchilarga mana shunday imkoniyat yaratib berganligi uchun institutimiz rahbariyatidan minnatdormiz.
“Karera kuni” doirasida “Ta’lim ko‘rgazmasi” tashkil etildi. Fakultetlar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalarda professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlarning erishgan yutuqlari, ilmiy tadqiqotlar natijalari, institut o‘qituvchi va talabalarining o‘quv qo‘llanmalari namoyish etildi. Shuningdek, tajribali o‘qituvchilar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.
Shundan so‘ng oliy ta’lim sohasidagi qator masalalarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Unda oliy o‘quv yurti va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion hamkorlik doirasida muammoli masalalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, o‘quv rejalariga amaliyotchi mutaxassislar takliflarini e’tiborga olgan holda o‘zgartirishlar kiritish, talabalarning malakaviy amaliyoti va tajriba oshirishini tizimli tashkil etish masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Jumladan, amaliyotchi mutaxassislarni dars mashg‘ulotlariga jalb qilish, bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini korxona hamda tashkilotlar taklifini hisobga olgan holda tayyorlash jarayonlari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida institut musiqa ta’limi yo‘nalishi bitiruvchilarining konsert dasturi namoyish etildi. Ijro etilgan mumtoz, zamonaviy kuy, qo‘shiq va raqslar ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari