Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida bitiruvchi talabalar ishtirokida “Karera kuni” tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarni suv xo‘jaligi sohasidagi mutaxassisliklarga qiziqtirish, ularga ishga joylashish imkoniyatlarini yaratish hamda sohaga oliy ma’lumotli kadrlarni jalb qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda boshqarmaning birinchi o‘rinbosari G‘ulom Suleymanov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi a’lochisi, Suv resurslari va dispetcherlik xizmati sho‘’basi mutasaddisi Ilhom Saliboyev hamda sohaning tajribali mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan G‘. Suleymanov yoshlarga sohadagi imkoniyatlar va kelgusidagi vazifalar haqida so‘zlab, jumladan shunday dedi: – Yosh kadrlar suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda asosiy resurs hisoblanadi. Biz ularni ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilish, zamonaviy texnologiyalar va raqamli usullardan samarali foydalanishga o‘rgatish orqali nafaqat sohani rivojlantiramiz, balki yoshlar uchun ham barqaror va qoniqarli kasbiy imkoniyatlar yaratamiz.

Mutaxassislar yoshlarga sohaning dolzarb jihatlari haqida ham so‘zlab berishdi. Shuningdek, ular kuzgi-qishki mavsumdagi amaliy ish jarayonlari, kanallarni betonlashtirish orqali suvni tejash, sho‘r yuvish ishlari hamda suv xo‘jaligi sohasining rivojlanish istiqbollari haqida atroflicha so‘z yuritishdi.

Tadbir davomida talabalar bilan suhbat tashkil etildi va sohada ishlash imkoniyatlari, zamonaviy loyihalarda ishtirok etish usullari haqida amaliy tavsiyalar berildi. 2 nafar bitiruvchi rasman ishga qabul qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri