So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, yoshlarni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z sohasining ustalari bo‘lgan kadrlarga bog‘liq.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etilgan “Karera kuni”dan maqsad ham talabalar bandligini ta’minlash, ularni amaliy ish faoliyatiga tayyorlash, ishga joylashishlariga ko‘maklashish va bo‘lajak mutaxassislar sifatida mehnat bozoriga integratsiyasini yengillashtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir ochilish marosimida JIDU Raqamli transformatsiya va iqtisodiy masalalar bo‘yicha prorektori Muzaffar Jalolov mehnat bozorida muvaffaqiyatga erishishning omillari haqida gapirib, mazkur tadbirning e’tiborli jihatlarini ta’kidlab o‘tdi.
[gallery-23532]
Tadbir davomida 30 dan ziyod vazirliklar va qo‘shma korxonalar vakillari o‘z stendlarini tashkillashtirib, talabalar bilan o‘zaro ochiq muloqot o‘tkazishdi. Olib borilgan suhbatlarda talabalar real bo‘sh ish o‘rinlari va amaliyot dasturlari bo‘yicha batafsil ma’lumot olib, o‘z nomzodlarini tavsiya etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
“Karera kuni” doirasida tashkil etilgan kichik mahorat saboqlari va treninglar yosh mutaxassislarning kommunikatsiya san’ati, muammolarni hal etish strategiyalari, yetakchilik fazilatlari va tarmoq qurish (networking) kabi ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratildi.
O‘tkazilgan tadbir talabalar uchun mehnat bozoriga tayyorlik, professional aloqalar va amaliy tajriba almashish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
Shuningdek, universitet va hamkor tashkilotlar o‘rtasida ta’lim va amaliyot dasturlarini yanada boyitishga doir memorandumlar imzolash masalalari muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA