Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kardiologiya sohasida sun’iy intellekt
16:39 / 2026-01-21

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro viloyat mintaqaviy filiali, Institute of Science Tokyo universiteti hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasida kardiologiya sohasidagi xalqaro onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Zoom platformasi orqali tashkil etildi.

Mazkur hamkorlik kardiologiya sohasiga zamonaviy sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda klinik amaliyotni ilmiy yondashuvlar bilan boyitishga qaratilgan. Tomonlar Yaponiya va O‘zbekiston tibbiyot maktablarining ilg‘or tajribalarini uyg‘unlashtirish muhim ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda Institute of Science Tokyo universitetida PhD ilmiy tadqiqot olib borayotgan hamyurtimiz Ixtiyorjon Hamdamov so‘zga chiqdi. U o‘z ilmiy rahbari professor Tetsuo Sasano boshchiligida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar haqida ma’lumot berib, EKG, ExoKG hamda laboratoriya ko‘rsatkichlari asosida yurak-qontomir kasalliklarini erta aniqlashga qaratilgan sun’iy intellekt konsepsiyasini taqdim etdi.

Shundan so‘ng RIKIATM Buxoro viloyat mintaqaviy filialining yetakchi shifokor-kardiologi Maqsud Toirov loyihaning klinik ahamiyati, uni hududiy kardiologiya amaliyotiga joriy etish imkoniyatlari va bemorlar uchun amaliy foydasi xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

Uchrashuvda Buxoro davlat tibbiyot instituti jamoasi ham faol ishtirok etib, institutning ilmiy salohiyati va xalqaro loyihalarda ishtirok etishga tayyor ekanini alohida qayd etdi.

Muhokamalar yakunida kardiologiyada sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, bemorlar ma’lumotlari asosida qo‘shma ilmiy baza yaratish, yurak kasalliklarini 1, 3 va 5 yil oldin bashorat qilish, xalqaro ilmiy maqolalar tayyorlash va kelgusida qo‘shma klinik platforma ishlab chiqish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.