Keyingi yillarda Namangan viloyatida sportning sharqona yakkakurash turlarini rivojlantirish va keng ommalashtirish borasida qaratilayotgan e’tibor natijasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
Xususan, poytaxtimiz mezbonligida bo‘lib o‘tgan shotokan karate-do bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari namanganlik yoshlar uchun g‘oyat omadli bo‘ldi. Yurtimizning barcha hududlaridan saralangan kuchli va mahoratli sportchilar bahs yuritgan yirik musobaqada 45 nafar namanganlik yosh iste’dod sohibi munosib ishtirok etdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, 15 ta oltin, 29 ta kumush va 10 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan vodiylik sportchilar respublika musobaqasidan jami 54 ta medalni qo‘lga kiritgan holda, umumjamoa hisobida g‘oliblik sururi bilan qaytishdi.


– E’tirof etish joiz, Namangan shotokan karate-do maktabi so‘nggi yillarda mamlakatimiz miqyosida o‘zining barqaror yetakchiligini saqlab kelmoqda. Navbatdagi mamlakat kubogida erishilgan natijalar ham bu ezgu an’anamizning davom etayotganini yaqqol tasdiqlaydi, – deydi viloyat shotokan karate-do federatsiyasi vitse-prezidenti Ilhomjon Qosimov. – Bunday yutuqlar umidli sportchilarimizning tinimsiz mashg‘ulotlari, murabbiylarning fidokorona mehnati hamda asosiysi jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.