Shu kunlarda Misr poytaxti Qohirada karate WKF bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ketma-ket yutuqlarga erishib, tarixiy natijalarni qayd etmoqda.
Quvonarlisi, 86 ta davlatning 380 nafardan oshiq mahoratli karatechilari qatnashayotgan chempionatning ikki kun davomidagi saralash bahslarida yurtimiz karatechilari muvaffaqiyatli qatnashdi.

Terma jamoamiz a’zosi Gulshan Alimardonova -50 kilogramm vaznda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu bilan yurtimiz karate tarixida ilk bor ayol sportchi jahon chempionligi uchun tatamiga chiqadigan bo‘ldi.
Bugun, 30 noyabr kuni jahon chempionati finalida hamyurtimiz Gulshan Alimardonova oltin medal uchun kechadigan jangda Malayziya vakili Shaxmalarani Chandran bilan kuch sinashadi.
Shuningdek, bugun terma jamoamiz a’zosi Abdulvahob Rashidov -67 kilogrammda gretsiyalik Georgios Baliotis bilan, Mehriddin To‘raxonov -60 klogrammda yaponiyalik Xiromu Xashimoto bilan bronza medali uchun bahsda ro‘baro‘ keladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA