Karate: Turkiya turnirida hamyurtimiz sovrindor bo‘ldi
Turkiyaning Istanbul shahrida karate WKF bo‘yicha 65 ta mamlakatning 370 nafardan ziyod sportchilari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi Premer liga musobaqasida hamyurtimiz sovrindorlar qatoridan joy oldi.
O‘zbekiston terma jamoasining besh nafar a’zosi qatnashgan murosasiz bellashuvlarda mahoratli sportchimiz Sevinch Otaboyeva 61 kilogramm vazn toifasidagi saralash musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashdi.

Iste’dodli karatechi qizimiz S.Otaboyeva 32 nafar ishtirokchi orasidagi bahslar natijasiga ko‘ra, bronza medali uchun kechgan bahsda qozog‘istonlik Ayjan Bakirovani 4:0 hisobida dog‘da qoldirdi.
Mazkur vazn toifasida turkiyalik Fatma Naz Yenen oltin, belgiyalik Maryam Adjaray kumush medalga sazovor bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA