Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karate ilmida yangi qo‘llanma
14:30 / 2023-04-03

E’tirof

Xalqimiz orasida sharq yakka kurash sport turlariga qiziqish yuqori. Qolaversa, ushbu sport turlarining bir qator yo‘nalishlari Olimpiya o‘yinlari hamda yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olganligi sababli uning rivoji, ommalashtirish tizimi, mahoratli sportchi va mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga davlat darajasida e’tibor qaratilib kelinmoqda.  

O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda sport turlarini, sport ta’limini rivojlantirish bo‘yicha bir qator qaror, davlat dasturlari qabul qilindi. Yurtimizdagi mavjud oliy o‘quv yurtlarida jismoniy madaniyat fakultetlari tashkil etildiki, bu dargohlarda tahsil olayotgan yoshlarni zarur o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlash bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.  

Yangi O‘zbekiston g‘oyasini amalga oshirish mexanizmi eng avvalo ta’lim, uning quyi bo‘g‘inlaridagi sa’iy-harakatlarning shiddati bilan bevosita bog‘liq. Ayni shiddatni ta’minlash har bir yo‘nalishga yangicha tamoyil asosida yondoshishni talab etadiki, bunda o‘quv-qo‘llanmalar, yangicha fikrlaydigan mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalar muhim omil sanaladi.  

O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport ta’limi borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xalqaro tajribalar joriy etildi, rivojlangan davlatlarning ta’lim muassasalari, sport jamoalari bilan manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Yangi adabiyotlar yaratildi.  

Shunday o‘quv qo‘llanmalaridan biri O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Xalqaro kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri Shuhrat Arslonov muallifligidagi “Sport pedagogik mahoratini oshirish. Karate” sanaladi.  

Xo‘sh, karate sport turi sifatida O‘zbekistonga qachon kirib kelgan? Birinchi mamlakat chempionati qachon o‘tkazilgan? Yurtimizdan yetishib chiqqan eng nomdor karatechilar kimlar bo‘lgan?  

Darhaqiqat, karate (bo‘sh qo‘l) atamasi dastlab 18 asrda Yaponiyaning Akata shahridan bo‘lgan Sakugava tomonidan joriy etilgan bo‘lib, keyinchalik u Xitoyga qaytib Shaulin jang san’ati o‘rgangan va Karate-do Sakugava xususiy maktabiga asos solgan.  

Xitoy-Yapon munosabatlarining o‘sha davrdagi yomon munosabatlari ham yapon yakka kurkashi shaklidan ommaviy o‘yin shakliga aylanguncha, undan sport turi maqomiga ko‘tarilguncha to‘lig‘incha Shoulin jang sa’natiga singib ketmadi. Balki alohida yo‘nalish sifatida rivojlandi.  

Karate XIX asr oxirida Yevropaga, undan boshqa mamlakatlarga keng yoyila boshladi. Uning jahon bo‘ylab keng tarqalishi alohida sport turi va turli yo‘nalishlar shaklida kechgan. 1957 yil Yaponiya karate assotsiatsiyasi tuzilishi hamda karate bo‘yicha birinchi Yaponiya chempionati o‘tkazilishi karatening sport turi sifatidagi rivojini belgilab berdi.  

Karate sport turi sifatida O‘zbekistonda 1970 yillarning o‘rtalarida tanila boshlagan. 1979 yilgacha unga qiziqqanlar yashirin tarzda shug‘ullanib kelgan. Aynan shu yildan karate rasman sport turi sifatida e’tirof etilgan. 1979 yilda bo‘lib o‘tgan birinchi O‘zbekiston chempionatida ushbu sportning respublikada rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shgan birinchi karatechi Arslon Elov va uning shogirdlari Tohir Orifjonov hamda birinchi o‘zbek chempioni Abdurazzoq Bo‘riboyev chempionlikni qo‘lga kiritishdi.  

II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Arslon Elov O‘zbekistonda karate sport turining asoschilaridan va yetuk mutaxassislaridan biri hisoblanadi. Ko‘plab shogirdlarni tarbiyalagan ustoz hozirda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professori. Jahon va mamlakat chempionlarining yangi avlodini voyaga yetkazgan respublika hamda Sobiq ittifoqda xizmat ko‘rsatgan murabbiy hamdir.  

Arslon Elov o‘zining murabbiylik davri mobaynida sambo va yudo bo‘yicha to‘rtta xalqaro toifadagi sport ustasi, 80 ga yaqin sport ustalarini tayyorlab, voyaga yetkazdi. Ular orasida sambo, dzyudo, karate bo‘yicha sport ustaligiga nomzodlar, respublika terma jamoalarining a’zolari bor. Arslon Elov nafaqat yaxshi murabbiy, u o‘zbek kurashining nozik tomonlarini, dzyudo va samboning sir-asrorlarini yaxshi biladigan universal murabbiy.  

Qo‘llanmada mamlakatimizda ushbu sport turining rivojlanish va istiqbollari, karate texnikasi, sport turidagi mavjud atamalar xususida keng o‘quvchilar ommasiga zarur tushunchalar berib o‘tilgan.

Qo‘llanma irgi zamon talablariga muvofiq ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda karate bo‘yicha sport pedagogik mahoratini oshirishga, uning mazmuni, atamalari, qoidalari, tushunchalari, texnik usullarni bajarish, texnik-taktik tomondan to‘g‘ri qo‘llay olishga hamda musobaqalarni tashkil etishning amaliy-nazariy asoslarini ochib berishga qaratilgan.  

“Sport pedagogik mahoratini oshirish. Karate” o‘quv-qo‘llanmasi bo‘lg‘usi karate mutaxassislari, ushbu sport turiga qiziquvchilar uchun zarur manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.  

Nodir G‘AFFOROV,    

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport  

universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori  

O‘zA