Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karate: Hamyurtimiz Parij turnirida jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqdi
09:41 / 2025-10-21

Fransiya poytaxti Parijda karate bo‘yicha jahon chempionati saralash turnirida muvaffaqiyatga erishgan 24 nafar sportchidan biri O‘zbekiston vakili ekani e’tiborli voqelik bo‘ldi.

105 ta mamlakatning 684 nafar karatechisi ishtirok etgan nufuzli turnirda sportchilar o‘z vazn toifalarida jahon chempionati yo‘llanmasi uchun bahs olib borishdi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sevinch Rahimova -55 kilogramm vazn toifasining saralash bahslarida raqiblarini dog‘da qoldirib, jahon chempionati yo‘llanmalari yo‘lidagi kurashlarda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Mahoratli karatechi qizimiz yo‘llanmalarni taqdim etadigan asosiy to‘qnashuvlarning ketma-ket uchta jangida raqiblaridan ustunlikka erishdi. Hal qiluvchi bellashuvda tatamiga chiqqan Rahimova yuqori texnik mahoratga ega ekanini namoyish etib, xorvatiyalik Laura Lisatsni 4-0 hisobida yengdi.

Ushbu natija terma jamoamiz a’zosi uchun har ikki yilda bir marta tashkil etiladigan jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etdi.

Shuningdek, saralash musobaqalaridan omadli o‘tgan terma jamoamizning yana bir a’zosi Akbarshoh Omonullayevda ham jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyati bor edi. Biroq, chempionat yo‘llanmasini taqdim etadigan so‘nggi jangda o‘zbekistonlik karatechi Xalqaro karate federatsiyasi bayrog‘i ostida turnirda qatnashgan rossiyalik Makar Golovinga 5:3 ko‘rinishida yo‘l berdi.

Eslatib o‘tamiz, karate bo‘yicha 27-jahon chempionatining final musobaqalari joriy yilning 27-30 noyabr kunlari Misr poytaxti Qohirada bo‘lib o‘tadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA