French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karantinga olindi degani koronavirusga chalindi degani emas
18:41 / 2020-06-19

Butun dunyo aholisini xavotirga solayotgan koronavirus bugunga qadar necha-necha oilalar yostigʻini quritdi.


Butun dunyo aholisini xavotirga solayotgan koronavirus bugunga qadar necha-necha oilalar yostigʻini quritdi. Kasallikni bemordan sogʻlom odamga juda oddiy – havo tomchi va maishiy muloqot orqali yuqishi esa undan ehtiyot boʻlish lozimligini koʻrsatadi.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar 5 ming 800 nafardan oshganligi ham barchani ehtiyotkorlikka undaydi. Afsuski, koʻpchilik karantin qoidalarini unutib, nafaqat oʻzini, balki atrofdagilarni jiddiy xavfga qoʻymoqda. Fargʻona viloyati “yashil hudud” hisoblansada, baribir aholi oʻzining salomatligi uchun belgilangan talablarga amal qilishi lozim. Shuningdek, oramizda turli yolgʻon xabarlar tarqatib, aholini sarosimaga solayotganlar ham bor.

Yomon xabar tez tarqaladi, deyishadi. Qoʻshtepa tumani “Qumtepa” mahallasida yashovchi Raʼnoxonni (ismi oʻzgartirilgan) koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani haqidagi gap bolalab, butun qishloqqa yoyildi.

Gap shundaki, mahalla raisi shu yerda yashovchi R. A. ga qoʻngʻiroq qilib, qarindoshi A. Qodirovlarning oilasi 14 kunlik karantinga olingani, shu bois boshqalar bilan muloqot qilmasdan ehtiyot boʻlishlari haqida ularga tushuntirib qoʻyishini tayinlaydi. R.A. 69 yoshda. Yoshi katta, koʻpni koʻrgan odam deya mahalla raisi pandemiyaga qarshi targʻibot ishlarida yordam soʻragan. Otaxon esa buning aksini qilganini qanday tushunish mumkin? U shu kuni qarindoshlarini ogohlantirish oʻrniga koʻchada koʻringan uch-toʻrt odamga Raʼnoxonni koronavirusga chalinganini aytadi...

Maʼlum boʻlishicha, Margʻilon shahridagi dehqon bozorida savdogarlik qilayotgan tadbirkorda virus alomatlari aniqlangani tufayli bozorda savdo qilayotgan tadbirkorlar 14 kunlik karantinga olingan. Raʼnoxon ham ana shularning biri edi. Axir karantinga olingani bu kasallikka chalindi degani emas. Mahalladoshlari bu oilaga boshqacha munosabatda boʻlib qolganlari ularning dilini ranjitdi.

Mazkur huquqbuzarlik ishi Qoʻshtepa maʼmuriy sudi tomonidan koʻrib chiqilib, R.A. ga jarima jazosini tayinladi.

Dunyo mamlakatlarini oʻz zabtiga olgan virus hali hamon odamlar orasida yashamoqda. Turli uydirmalar tarqatib, aholini xavotirga qoʻyish oʻrniga ogoh boʻlishimiz, bir-birimizni ehtiyot qilganimiz maʼqul emasmikan? Pandemiya davrida yoshi ulugʻ otaxon-onaxonlar farzandlarini, nabiralarini, yaqin atrofdagilarni sabr-qanoatli, irodali boʻlishga chaqirsalar, yolgʻonning umri qisqa ekanligini tushuntirishsa qanchalar soz boʻlardi.