Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karantin uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
20:44 / 2020-03-23

Deputatlar tomonidan karantin tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun loyihasi koʻrib chiqildi.


Deputatlar tomonidan karantin tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Loyihaga koʻra, Jinoyat kodeksiga yangi 244-5 modda kiritilib, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Unga koʻra, shunday maʼlumotni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bunday maʼlumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek internet butunjahon axborot tarmogʻi orqali tarqatish- bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksi yangi 257-1 moddasi bilan toʻldirilib, unga koʻra sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi sharoitida Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan oʻtish, karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin boʻlgan davrda muloqotda boʻlgan shaxslar va borgan joylar haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa

- bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud yohud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha qilmish odamning oʻlimiga sabab boʻlsa ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha qilmish odamlarning, yaʼni koʻpchilikning oʻlimiga sabab boʻlsa yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ham bir qator qoʻshimchalar kiritilmoqda. Jumladan, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi sharoitida jamoat joylarida niqobsiz yurish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Shu bilan birga karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi yoki tarqatilishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqatilishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik hamda Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan oʻtish, karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin boʻlgan davrda muloqotda boʻlgan shaxslar va borgan joylar haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi koʻzda tutilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Rasul Kusherboyev,
Oliy Majlis deputati