Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karantin sharoitida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar
16:43 / 2020-04-09

Koronavirus pandemiyasi davrida ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlarining keskin qisqarishi, ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi, dunyo moliya bozorlarida xomashyo tovarlari narxining pasayishi va konyunkturaning yomonlashuvi kuzatilmoqda


Koronavirus pandemiyasi davrida ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlarining keskin qisqarishi, ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi, dunyo moliya bozorlarida xomashyo tovarlari narxining pasayishi va konyunkturaning yomonlashuvi kuzatilmoqda.

Deyarli barcha davlatlar pandemiyaga qarshi oʻz retseptlarini yaʼni kichik biznes, xususiy tadbirkorlar va oʻz-oʻzini band qilgan fuqarolarga beminnat grantlar, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar kabi choralarni ishlab chiqmoqdalar. Shu oʻrinda hukumatlar soliq qoidalarini yumshatish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratishmoqda.

Xush, bunday noodatiy vaziyatda soliq munosabatlari qanday tashkil etilgani maʼqulroq?

Soliqlar haqida gap ketganda, avvalambor uning majburiy toʻlov ekanligiga urgʻu beriladi. Konstitutsiyamizning 51-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yigʻimlarni toʻlashga majburligi aytib oʻtilgan. Shuningdek, Soliq kodeksida ham, soliq solish majburiylik prinsipiga asoslanishi koʻrsatilgan.

Soliq munosabatlari har doim ham majburiylikka asoslanishi kerakmi?

Ushbu savolga javob berish uchun soliq munosabatlarini tartibga solishni taʼminlaydigan huquqiy asoslar yaʼni soliq qonunchiligining asosiy jihatlari, xususan ularda qoʻllaniladigan huquq usullari va ularning mohiyatiga eʼtibor qaratish lozim boʻladi.

Soliq qonunchiligida imperativ va dispozitiv usullar qoʻllaniladi.

Imperativ usul – ommaviy huquq usuli boʻlib, baʼzi subyektlarning holati (davlat organlari, mansabdor shaxslar) ularga vakolatlar beradi, boshqa tomondan (fuqarolar va ularning tashkilotlari) tegishli vazifalarni yuklaydi. Natijada, bu subyektlar oʻrtasidagi munosabatlar hokimiyat va boʻysunish munosabatlari sifatida shakllanadi. Soliq munosabatlari davlat qonunlari bilan tartibga solinganligi sababli, imperativ usul koʻproq qoʻllaniladi.

Dispozitiv usul – fuqarolik huquqi usuli hisoblanib, munosabatlardagi tomonlarga oʻz harakatlarini oʻzlarining xohishlariga koʻra tartibga solishga yaʼni muvofiqlashtirishga imkon beradi. Soliq qonunchiligida ushbu usulning qoʻllanilishi soliq toʻlovchining tanlash huquqini ishlatishini oʻz ichiga oladi. Masalan, soliq organlari korxonalarga soliqni toʻlash muddatini uzaytirishni taqdim qilishi, soliqlar boʻyicha kredit berish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish kabilar.

Demak, koronavirus pandemiyasi kabi inqirozli vaziyatlarda davlat soliq qonunchiligining hokimiyat va boʻysunish usulidan emas, balki muvofiqlashtirish usulidan foydalangan holda choralar ishlab chiqishi maqsadga muvofiq boʻladi.

Bundan tashqari, inqirozga qarshi choralar doirasida soliq organlarining soliq toʻlovchilar bilan hamkorligi prinsipining koʻlamini kengaytirish, inqiroz paytida ikkala tomonga ham foydali natijalarni berishi mumkin. Bu prinsipga asosan soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq toʻlovchilar bilan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini toʻgʻri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shartligi belgilab qoʻyilgan.

Joriy yilning mart va aprel oylarida Prezidentimizning ikkita Farmoni bilan soliqlarni aholi va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga salbiy taʼsirini oldini olish borasida bir qancha imtiyoz va preferensiyalar belgilab berildi.

Ushbu imtiyozlar soliq toʻlovchilarning har bir guruhiga yaʼni jismoniy va yuridik shaxslarga tatbiq etiladi.

I. Dastlab, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq yukini kamaytirish boʻyicha berilgan soliq imtiyozlari va yengilliklarini hamda ular ixtiyorida qoladigan mablagʻlarni Davlat soliq qoʻmitasining hisob-kitoblari asosida koʻrib chiqamiz:

1. Soliq kodeksining 31-moddasiga koʻra belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan va yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor hisoblanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 2020-yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi (223 000 soʻm) 50 foizgacha kamaytirildi yoki 111,5 ming soʻmga tushirildi. Bu 239 mingta yakka tartibdagi tadbirkorga 232,9 mlrd. soʻm mablagʻini tejash imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, agar yakka tartibdagi tadbirkorlar karantin davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlsa, u holda ular daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta koʻmak boʻladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi OʻRQ-589-son Qonunining 19-moddasida Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilayotgan joyning xususiyatlarini, shuningdek koʻrsatilayotgan xizmat turining mavsumiyligini hisobga olgan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning qatʼiy belgilangan miqdorlariga nisbatan qoʻllaniladigan 0,7 dan 1,3 gacha pasayib boruvchi yoki oʻsib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritishga haqli ekanligi belgilangan.

Shunga koʻra, tuman va shaharlar xalq deputatlari Kengashlariga faoliyati toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita turizm sohasiga bogʻliq boʻlgan 3 167 ta yakka tartibdagi tadbirkor uchun daromad soligʻining qatʼiy belgilangan miqdorini 30 foizga kamaytirish tavsiya etildi, natijada:

- shahar joylarda 225 ming soʻm oylik toʻlovi oʻrniga 157 ming soʻm;

- viloyat markazlarida 150 ming soʻm oʻrniga 105 ming soʻm;

- tumanlarda 50 ming soʻmdan oylik toʻlovini 30 foizga kamaytirgan holda 35 ming soʻm toʻlash imkoni berildi.

Bunda tadbirkorlar ixtiyorida jami 2,3 mlrd. soʻm iqtisod qilinishi kutilmoqda.

3. Soliq kodeksining 397-moddasi binoan soliq toʻlovchilar jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyani, doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etishlari belgilab qoʻyilgan.

Lekin, hozirgi koronavirus pandemiyasi davrida aholini qoʻllab quvvatlash va karantin qoidalariga rioya qilish maqsadida, jismoniy shaxslarning 2019-yil uchun jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani topshirish muddati 2020-yil 1-avgustgacha uzaytirildi.

4. Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soligʻini toʻlash muddatlari ham kechiktirilib, 2020-yil 15-apreldan 15-oktyabrgacha uzaytirildi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha 7,3 mln. nafar fuqaroga 2020-yil uchun 2 trln. soʻm soliqlar hisoblangan edi. 15-aprelda uning toʻlanadigan qismi 1 trln. soʻm boʻlib, bugungi kunda 1,2 mln. nafar fuqaro tomonidan 341 mlrd. soʻmi toʻlandi.

Qolgan qismi – 670 mlrd. soʻm 15-aprelgacha toʻlanishi lozim edi. Ushbu summani toʻlash muddati ham ikkinchi toʻlov sanasi 2020-yil 15-oktyabrga qadar uzaytirildi.

5. 2020-yil 1-apreldan boshlab xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan jismoniy shaxslarning daromadlari soliqdan ozod qilindi. Bu oʻrtacha 28,4 mlrd. soʻmni tashkil etadi.

(Imtiyozlarning ikkinchi toʻplami tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan normalarni ikkinchi qismda koʻrib chiqamiz)

N.I.Norbayev, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi 
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi