French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karantin qoidalari va talablariga rioya qilmaganlik uchun qanday javobgarlik mavzudligini bilasizmi?
12:01 / 2021-07-26

1. Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik

Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantin qoidalari va talablariga qat’iy rioya qilmaslik O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgar to‘g‘risidagi kodeksi Jinoyat kodeksida belgilangan ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka tortilishi sabab bo‘ladi.

Bizga ma’lumki, 2020 yil 26 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-613-sonli Qonunning qabul qilinishi bilan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantin talablariga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantin qoidalari va talablariga qat’iy rioya qilmas oqibati sifatida ma’muriy javobgarlikning mavjudligi diqqatga sazovordir.

Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish aynan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantin qoidalari va talablariga qat’iy rioya qilmas oqibatida vujudga kelishi bilan boshqa huquqbuzarliklardan ajralib turadi.

Epidemiya kasalliklari kasallik tarqatuvchi mikroorganizmlar vujudga keltirgan va muayyan shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda bemor organizmidan sog‘lom organizmga o‘tishga qobiliyatli bo‘lgan yuqumli kasalliklar guruhidan iboratdir. Bunday alohida xavfli kasalliklarga koronavirus (COVID 19), vabo, o‘lat, chechak, tepkili terlama, brutsellyoz va boshqa ayrim kasalliklar kiradi. Ko‘rsatib o‘tilgan yuqumli kasalliklarning haddan tashqari xavfliligi ularning tez va keng miqyosda tarqalishga qodirligidan iboratdir.

Norma dispozitsiyasi blanket bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 26 avgustdagi O‘RQ-393-sonli “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida, mahalliy vakillik idoralarining va ular hokimlarining qarorlarida bayon qilingan.

Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish ma’muriy huquqbuzarligining ob’ekti aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan 54-moddaning 1-qismi bo‘yicha mazkur huquqbuzarlik ob’ektiv tomondan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lishda ifodalanadi.

Mazkur huquqbuzarlik harakat yo‘li bilan ham, shuningdek, harakatsizlik yo‘li bilan ham sodir etiladi. Harakat bilan sodir etilganda — basharti bu harakatlar belgilangan qoidalar bilan taqiqlangan bo‘lsa, harakatsizlik yo‘li bilan sodir etilganda — qoidalar bajarilmaydigan muayyan harakatlarni yuklasa, shunday qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 176-sonli qaroriga asosan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda fuqarolar sog‘ligini saqlash maqsadida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy qilindi. Ushbu tartibning amal qilish davrida sanitariya va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalari va izolyatsiya rejimida bo‘lishga oid talablarga qat’iy rioya etish, shu jumladan tibbiy himoya vositalarini qo‘llash va jamiyatda bir-birlari orasida masofani saqlash o‘rnatildi.

Ushbu ma’muriy huquqbuzarlikning zaruriy belgisi – bu vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish hisoblanadi.

Tibbiy niqob tibbiy himoya qilish vositasi bo‘lib, hukumat qarorida undan foydalanish majburiy qilib qo‘yildi.

Shu o‘rinda jamoat joyi ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zi jamoat joylari deganda qanday joylar kirishiga oydinlik kiritish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Jamoat joyi deganda to‘siqsiz kirish (bo‘lish) uchun ochiq bo‘lgan, yoxud fuqarolarning turli ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun mo‘ljallangan joydagi uchastkalar, binolar, xonalar, inshootlar, ularning qismlari, shuningdek transport kommunikatsiyalarini tushunish lozim.

Qonun hujjatlariga binoan jamoat joylari ro‘yxati quyidagilardan iborat:

  • statsionar savdo ob’ektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, kinoteatrlar, teatrlar, sirklar, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallari hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlar;
  • klublar, diskotekalar, kompyuter zallari, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalar yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylar;
  • muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari va ma’ruzaxonalar, mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlar, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlari (shu jumladan tamburlari), daryo kemalari, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslar, taksilar, yo‘nalishli taksilar hamda shahar elektr transporti, havo kemalari, yer osti o‘tish joylari, transport bekatlari va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari, aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolari;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolari;
  • sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlari, ta’lim muassasalari, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari, ish joylari bo‘lgan xonalar, ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklari, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalari, xiyobonlar, bog‘lar, ko‘chalar (O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasi)

- ish joylari, ko‘chalar, stadionlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, jamoat transportining barcha turlari (O‘zbekiston Respublikasi “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi);

- ko‘chalar, maydonlar, istirohat bog‘lari, transport magistrallari, vokzallar, aeroportlar, shuningdek ommaviy tadbirlarni o‘tkazish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasi);

- aeroportlar, vokzallar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, bozorlar va savdo majmualari hududlari, shuningdek ularga tutash hududlar, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari, ko‘chalar, stadionlar, bekatlar, yo‘llarning qatnov qismi, moddiy madaniy meros ob’ektlari joylashgan hududlar, jamoat transportining barcha turlari va boshqa jamoat joylari (O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1883-moddasi (“Tilanchilik qilish”).

Shuningdek, jamoat joylari tasnifi esa ularning ochiq bo‘lish vaqti mezoniga asoslangan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

  • doimiy tusdagi jamoat joylari – hududda fuqarolarning doimiy bo‘lishi yoki doimiy bo‘lish imkoniyati, muayyan vaqtda faoliyat yuritish rejimi belgilanmagani va fuqarolar doimiy yashaydigan ob’ektlarning mavjud bo‘lishi bilan tasniflanadi. Bular – transport magistrallari, ko‘chalar, turar joy dahalari, mahallalar, mavzelar, mikrorayonlar hududlari, aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolari va h.k.;
  • vaqtincha tusdagi jamoat joylari – fuqarolarning vaqtincha bo‘lishi yoki vaqtincha bo‘lish imkoniyati, muayyan vaqtda faoliyat yuritish rejimi belgilangani va fuqarolar doimiy yashaydigan ob’ektlarning mavjud emasligi bilan tasniflanadi. Ularga xiyobonlar, maydonlar, madaniyat va istirohat bog‘lari, savdo, ko‘ngilochar, savdo-ko‘ngilochar komplekslari va markazlari, gipermarketlar, supermarketlar, bozorlar va fuqarolar ommaviy to‘planadigan boshqa joylar va h.k. kiradi;
  • bir martalik tusdagi jamoat joylari – ommaviy jamoat, qishloq xo‘jaligi yoki boshqa ishlar va tadbirlarni, shu jumladan ular ommaviy bo‘lgan paytda tantanali tadbirlar, diniy marosimlarni o‘tkazish paytida ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ektlar va joydagi alohida uchastkalar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan 54-moddaning 2-qismi bo‘yicha ushbu huquqbuzarlik ob’ektiv tomondan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslikda ifodalanadi.

MJtKning 54-moddasida quyidagi harakatlar uchun javobgarlik belgilangan:

– karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish;

– karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish;

– karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik;

– davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik.

Mazkur ma’muriy huquqbuzarlik sub’ektiv tomondan ham qasddan, ham ehtiyotsizlikdan sodir etiladi. Masalan, karantinli sharoitda sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish qasddan yoki ehtiyotsizlikdan ham sodir etilishi ham mumkin.

Ushbu huquqbuzarlikning sub’ekti har qanday shaxs, shu jumladan, fuqarolar yoki mansabdor shaxslar bo‘lishi, bunday shaxslar jumlasiga epidemiyalarga qarshi xizmatlar xodimlari, davolash muassasalarining tibbiyot xodimlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlarini kiritish mumkin.

Epidemiyaga qarshi kurashdagi karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz yurish har qanday shaxsa bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining – yigirma baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘lsa, mansabdor shaxslarga esa – o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish ma’muriy huquqbuzarligi to‘g‘risidagi ishlar davlat sanitariya organlari va zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat xavfsizlik xizmatining va Milliy gvardiyasining sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi tibbiy xizmatlari tomonidan ko‘rib chiqiladi (257, 258-moddalar).

2. Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik

2020 yil 26 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-613-sonli Qonunning qabul qilinishi bilan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantin talablariga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yuqoridagi qonunga binoan sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 2571-moddasi matni yangi tahrirda quyidagicha bayon qilindi:

«Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, —

ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, —

yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning. “Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan XVII bobning
2571-moddasida “Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish” jinoyati nazarda tutilgan bo‘lib, karantin qoidalariga rioya qilmaslik oqibatlari sifatida jinoiy javobgarlik mustahkamlanganligidan dalolat beradi.

Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyati ob’ekti jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi va aholi sog‘lig‘i bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. Mazkur jinoyatning asosiy ob’ekti jamoat xavfsizligi va jamoat tartibi bilan bog‘liq ijtimoiy munosabat hisoblansa, uning qo‘shimcha ob’ekti esa aholi sog‘lig‘i hisoblanadi.

Ushbu jinoyat karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantin qoidalariga rioya qilmaslik oqibatlari natijasi o‘laroq kasallikning shiddat bilan tarqalishi nafaqat jamoat xavfsizligiga tahdid soladi, balki aholi sog‘lig‘ini xavf ostida qoldirishi bilan ijtimoiy xavfli hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 2571-moddasi 1-qismi bo‘yicha sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyati ob’ektiv tomondan sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarishi yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelishida ifodalanadi.

Canitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish quyidagi jinoiy harakatsizlar orqali sodir etiladi:

– karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish kabi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik;

– karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik kabi qonuniy talablari uzrli sabablarsiz bajarmaslik;

– kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik.

Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyati moddiy tarkibli jinoyat bo‘lib, muayyan oqibatlar, ya’ni odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarishi yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelinish holatlari mavjud bo‘lganda jinoyat tamom bo‘lgan hisoblanadi.

Odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi deganda nimalar tushiniladi?

Odamlarning ommaviy kasallanishi ko‘p sonli aholida zaharlanish, surunkali xastalikning paydo bo‘lishi, tanadagi biror a’zoning ishdan chiqishi (ko‘rish quvvatining, ichki sekretsiya bezlari faolligining pasayishi va hokazolar)da ifodalanadi.

Odamlarning ommaviy kasallanishi deganda, ikki yoki undan ortiq shaxsda sog‘liqning jismoniy, ruhiy yoki boshqacha buzilishi tushuniladi.

Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlatning qonuniy talablari quyidagilar hisoblanadi:

– karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;

– karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;

– kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish.

sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoyati sub’ektiv tomondan qasddan sodir etiladi.

Mazkur jinoyat sub’ekti esa jinoyat sodir etgunga qadar o‘n olti yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxslar hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida barcha aholi yuqoridagi qonun talablariga va karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga o‘z hissasini qo‘shishi kerak, barcha uydan chiqqanda albatta tibbiy niqob taqishi, ommaviy va ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirmasligi va bundan tadbirlarda qatnashmasligi, koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina olish, tozalik va tibbiy-sanitariya qoidalariga og‘ishmay amal qilishimiz lozim.

Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida kimda kim qonun talablariga va karantin qoidalariga qat’iy rioya qilmasa, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgar to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka tortilishi, shuningdek, unga tegishli jazo choralari qo‘llanishi muqarrardir.

Feruzbek Xudaykulov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi dots.v.b., yu.f.f.d. (PhD).

Azizaxon Allanova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi dots.v.b., yu.f.f.d. (PhD).