Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karantin munosabati bilan nafaqa olish uchun kimga murojaat qilish mumkin?
18:56 / 2020-04-14

Maktabda asosiy shtatdagi oʻqituvchi sifatida ishlayman.


Mehnat munosabatlariga doir muhim savollarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boʻlim boshligʻi Adiba Nuriddinova javob berdi:

SAVOL: - Maktabda asosiy shtatdagi oʻqituvchi sifatida ishlayman. 1-apreldan 2 guruh nogironligi belgilandi. Endilikda ishlab turgan lavozimimda qolishim mumkinmi?

- Agar TMEK sizga ikkinchi guruh nogironligini belgilagan va mehnatga layoqatsiz deb xulosa bergan boʻlsa, ish beruvchi Mehnat kodeksining 100-moddasiga asosan xodimning sogʻligʻi bajarayotgan ishiga noloyiq boʻlsa, ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Agar ikkinchi guruh nogironligi belgilangan boʻlib, kasbingiz boʻyicha mehnatga layoqatli deb belgilangan boʻlsa ish beruvchining roziligi bilan mehnat shartnomasi davom etishi mumkin.

Shuningdek, mehnat qonunchiligida 1 va 2-guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga qator imtiyozlar ham belgilangan. Misol uchun, mehnatga toʻlanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilishi, yillik uzaytirilgan asosiy taʼtil berilishi va boshqalar.

SAVOL: - Karantin vaqtida davlat tashkilotlarida ishchilar grafik asosida navbatchilikka qoʻyilishi mumkinmi, qorovullar yetarli boʻlishiga qaramay. Bu holat qonunchilikka zid emasmi?

- Agar tashkilotning lokal hujjatlarida yoki xodimning mehnat shartnomasida koʻrsatilmagan boʻlsa, Mehnat kodeksiga asosan ish beruvchi ishchilarni grafik asosida navbatchilikka yaʼni ish vaqtidan tashqari ishga, dam olish kunlari va bayram kunlari ishga jalb etishga, shuningdek oʻzining xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarni bajarishga majbur qilishi mumkin emas. Agarda xodimlarning roziligisiz majbur qilsa, mehnat qonunchiligiga zid hisoblanadi va buning uchun javobgarlik belgilangan.

SAVOL: - Mahalladan moddiy yordam 6 oy muddatga tayinlangan edi, yana davom ettirish uchun nima qilishim kerak?

- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi farmoniga koʻra, joriy yilning mart — iyun oylarida toʻlash muddati tugaydigan moddiy yordamlarni toʻlashni yangi muddatda davom ettirish toʻgʻrisidagi ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga tanaffussiz davom ettirilishi belgilangan. Yaʼni siz, murojaat qilmasangiz xam avtomatik tarzda davom ettiriladi.

SAVOL: - Tadbirkorda ogʻzaki kelishuv asosida turmush oʻrtogʻim va men ishlar edik. Uch nafar voyaga yetmagan farzandimiz bor, karantin tufayli oilamiz daromadsiz qoldi. Karantin munosabati bilan nafaqa olishim uchun kerakli hujjatlarni yigʻib topshirishda muammo boʻlmoqda, nima qilsam boʻladi? Nafaqa tayinlanishi uchun qayerga murojaat qilishim mumkin?

- Ishlash istagida boʻlsangiz, joylardagi aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga murojaat qiling. Ular sizga doimiy yoki vaqtinchalik jamoat ishlari taklif etadi. Ishga joylashtirish iloji boʻlmaganda, ishsizlik nafaqasi tayinlanadi.

Shuningdek, siz fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga hamda “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga (1197 qisqa raqamiga) ham murojaat qilishingiz mumkin.