Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karantin manzarasi: Zomin soylari ham “zerikdi”
10:35 / 2020-08-07

Zominning mashhur dam olish maskanlarini koʻrib, pandemiya hayotimizni naqadar oʻzgartirib yuborganidan hayratlanmaslikning iloji yoʻq.


Zominning mashhur dam olish maskanlarini koʻrib, pandemiya hayotimizni naqadar oʻzgartirib yuborganidan hayratlanmaslikning iloji yoʻq.

Bahor quyoshi qizdirib boshlashi bilan Zominga oshiquvchi avtomobillar karvoni toʻxtamaydi, butun yoz boʻyi odam qaynaydi. Tuman markazidan dam olish hududlariga oʻtgach, darhol istirohat maskanlarining reklamalari yoʻlingizga peshvoz chiqadi.

Ammo dam oluvchilar imkon qadar eng yuqori hududlarga borishni moʻljallaydi. “Zomin” suv omborida bir toʻxtaydi, selfi tushadi, shosha-pisha qurut xarid qilishga tutinadi. Xuddi boshqa joyda yoʻqdek. Keyin yana yuqoriga oʻralab ketadi. Manzil aniq – sanatoriy, sharshara, Sherbuloq va Suffa tekisligi.

Dam olish maskanlariga yetib borguncha yoʻl-yoʻlakay ham qozon patir, qurut, dorivor giyohlar savdosi avjida, Urgut bozoridan olib kelingan yodgorlik buyumlari Zomindan sovgʻa sifati ancha qimmat sotiladi. qishloqlardagi hovli-choyxonalarda bittagina supaning narxi ham falon pul turadi.

Men koʻpchilik qatori Zominning turli giyohlar hidi anqigan havosini yaxshi koʻraman. Bu havodan toʻyib-toʻyib nafas olaman. Bu havoni istab, yurtimizning turli burchaklaridan odamlar kelishadi. Ular ham archazor togʻlar havosidan toʻyib-toʻyib nafas olish bilan nafas yoʻli xastaliklaridan xalos boʻladi. Toza kislorod qon tomirlariga yoyilib, tanaga, ruhga yangi quvvat beradi. Ana shunday xislati bor Zomin togʻlarining...

Har doim bu havoni, tabiatning beqiyos goʻzalligini, yashillik dunyosini boshqalardan qizgʻonardim. Axir gavjum shahardan qochib, miyaga orom berish uchun kelsangu, u yer ham gʻij-gʻij odam boʻlsa...orom olib boʻlarkanmi?

Ammo bugun Zominda butunlay boshqacha manzaraga duch keldik. Yoʻl-yoʻlakay bironta ham qozon patirchini uchratmadik. Suv ombori boʻylari ham kimsasiz. Yoʻllar boʻm-boʻsh.

Yoʻl boʻyidagi “Zomin sunrise” oromgohi, xususiy mehmonxonalar, ulugʻvor NKMK sanatoriysi – hamma-hammasi yoʻlga, dam oluvchilar kelishiga koʻz tikib turibdi...

– Bir necha oʻn yillardan beri birinchi marta yoz tinchgina oʻtayapti, – deydi “Duoba” qishloq vrachlik punkti mudiri Rustam Qarshiboyev. – Bizning QVP dam olish hududlariga ham xizmat koʻrsatadi. Tez tibbiy yordam xizmati tunu kun dam oluvchilarning qoʻqqisdan chaqiruviga shay holda ishlar edi. Ammo bu yil har doimgi bosim yoʻq. Hamma harakatlarimiz epidemiologik osoyishtalikni saqlashga qaratilgan.

Pandemiya, ayniqsa, turizm sohasiga katta zarba berdi. Mamlakatimizda endi-endi rivojlanib kelayotgan ichki turizmga ham taʼsir koʻrsatdi. Turizm xizmatlari koʻrsatish orqali qanchadan qancha odamlar daromad manbaiga ega boʻlardi. Oʻzini oʻzi band qilish orqali daromad qilishardi. Dam olish maskanlari soliq toʻlovlari orqali davlat gʻaznasini toʻldirishardi.

Ammo hayot davom etadi. Bugun suv ombori boʻyida intensiv pistazor barpo etilmoqda. Niqob taqqan quruvchilar ishdan bosh koʻtarmaydi. Zomin sharsharasi boʻyida yangi dam olish maskani qurilishi davom etayotir. Texnikalar bir zum boʻlsin, ishdan toʻxtagani yoʻq.

Shularni koʻrib, keyingi yil oromgohlar bolalarning quvnoq kulgulariga toʻlib-toshishi, oilalar, jamoalar, ekoturizm shaydolarining nigohlari Zomin togʻlariga cheksiz hayrat va quvonch bilan boqishiga umid uygʻondi.

Muqaddas SAPAROVA,
Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasi
jamoatchilik bilan aloqalar shuʼbasi boshligʻi