Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Karantin davrida pensiyalar qanday tartibda toʻlanadi, kredit muddatlari kechiktiriladimi?
17:27 / 2020-04-09

Bu borada Markaziy bank Qashqadaryo viloyati Bosh boshqarmasi boshligʻi Fayzullo Rajabov OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.


Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan pensiya va nafaqa toʻlovlarini joylarga yetkazib berilishi hamda aholiga ajratilgan isteʼmol va ipoteka kreditlarini qaytarish muddatlari kechiktirilishi yuzasidan fuqarolarimizdan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish boʻyicha karantin davrida Qashqadaryo viloyatida bu borada bank xizmatlarini koʻrsatishda mijozlar uchun qanday imkoniyatlar yaratiladi?

Bu borada Markaziy bank Qashqadaryo viloyati Bosh boshqarmasi boshligʻi Fayzullo Rajabov OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

– Karantin davrida aholiga pensiya va nafaqa toʻlovlarini yetkazib berish ishlari quyidagi tartibda amalga oshiriladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirus infeksiyasining katta yoshli va surunkali kasallikka ega boʻlgan insonlarga yuqish ehtimoli yuqori ekanligi hamda naqd pullardan foydalanish ham virus tarqalishiga olib keluvchi vositalardan biri boʻlishi mumkinligi maʼlum qilingan. Ushbu holatlarni inobatga olgan holda, Xalq banki filiallari tomonidan 2020-yil aprel oyidan boshlab (karantin davrida) pensiya va ijtimoiy nafaqa toʻlovlari bevosita fuqarolarning yashash manzili (uy manziliga)ga yetkazib beriladi.

Har bir pensioner va nafaqa oluvchilarga beriladigan naqd pullar alohida konvert, polietilen xaltachada pensioner va nafaqa oluvchilarning ism-sharifi qayd etilgan holda ularning oʻzlariga topshiriladi.

Shuningdek, pensioner va nafaqa oluvchilarning roziligi asosida pensiya va nafaqa pullari ularning bank kartalariga oʻtkazish orqali ham toʻlab berilishi mumkin.

Pensionerlar uchun Xalq banki tomonidan joriy qilingan pensiya kartalari bepul ochib beriladi hamda kartadagi mablagʻlar qoldigʻiga yillik 8 foiz miqdorida ustama haq toʻlanadi.

Bundan tashqari, pensioner va nafaqa oluvchilarga pensiya (nafaqa) pullarining 50 foizigacha miqdorda Xalq banki tomonidan “overdraft” kreditlari ham taklif etiladi. Ushbu kreditlar pensioner va nafaqa oluvchilarga pensiya va nafaqa pulini kutib oʻtirmasdan, oyning birinchi ish kunida pensiya (nafaqa) pulining 50 foizini olish imkonini beradi.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 321 ming nafarga yaqin pensioner hamda nafaqa oluvchi istiqomat qilmoqda.

Pensiya va nafaqa pullarini xonadonlarga yetkazib berish ishlarini tezkorlik bilan tashkil etish maqsadida viloyatdagi barcha mahalla fuqarolar yigʻinlariga Xalq bankining viloyatdagi filiallaridan 400 nafar bank xodimi biriktirilgan hamda zarur miqdorda avtomashinalar bilan taʼminlangan.

–Aholiga ajratilgan kreditlar boʻyicha qarzdorliklarni qaytarish muddatlarini kechiktirish borasida qanday choralar koʻrilmoqda?

–Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan barcha tijorat banklariga koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida qarzdorlarning kredit toʻlovlari bilan bogʻliq riskini yumshatish yuzasidan pul oqimi foiz toʻlovlariga yetmagan korxonalarga qoʻshimcha ravishda ularning murojaatlaridan kelib chiqib, zarur hollarda, hisoblangan foiz toʻlovlarini qaytarish boʻyicha imtiyozli davr berish yuzasidan kredit shartnoma shartlariga oʻzgartirish kiritish masalasini

koʻrib chiqish boʻyicha tavsiya berilgan.

Shuningdek, qarzdor – jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatlariga asosan ularning real daromadlari va imkoniyatlari hamda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etilish muddatlaridan kelib chiqib, kredit boʻyicha toʻlovlarni qaytarish yuzasidan imtiyozli davr berish hamda yakuniy toʻlovlar muddatlarini berilgan imtiyozli davrga mos ravishda uzaytirish masalasi tijorat banklari tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Yaʼni bu borada tijorat banklari oʻzining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mustaqil qaror qabul qiladi.

Shu bilan birga, toʻlovlarni amalga oshirishda imkon qadar banklarning masofaviy xizmatlaridan, jumladan internet-banking, mobil ilovalari hamda toʻlov tashkilotlarining dasturlaridan keng foydalanish tavsiya etiladi. Deyarli barcha bank xizmatlari mobil ilovalarda mavjud.