Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kapital bozorini isloh qilish – mulkdorlar uchun katta imkoniyat
17:35 / 2021-06-23

XXI asrda globallashuv jarayonlari faollashishi bilan birga iqtisodiy munosabatlar ham tubdan o‘zgarmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiyotning chuqur integratsiyalashishi natijasida bir davlatda yuzaga kelgan iqtisodiy muammoning zudlik bilan boshqa bir davlatga tarqalish ehtimolining kuchayishi globallashuv jarayonining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri hisoblanadi.

Bu jarayondan, albatta, bizning mamlakat ham chetda tura olmaydi. Ana shunday omillarni e’tiborga olib, mamlakatimizda  kapital bozorini isloh qilish, uning iqtisodiyotimizni rivojlantirishdagi rolini kuchaytirish va imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida  tizimli ishlar amalga oshirila boshlandi.

Jahon tajribasidan ma’lumki, kapital bozori rivojlanishi uchun mamlakatda samarali korporativ boshqaruv tizimi, takomillashgan fond bozori hamda investitsion muhit bo‘lishi zarur. Ana shu uchta muhim omil  vositasida kapital bozori biz maqsad qilgan va kutgan natijani berishi mumkin.  2021 yil 13 aprelda qabul qilingan “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ana shunday maqsad va vazifalar, sohaning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.  

Farmonda mamlakatimizda kapital bozori raqobatbardoshligini oshirish, uning kapitallashuvini 2024 yil boshiga qadar 45 trillion so‘mga yetkazish, bank tomonidan kreditlashga muqobil bo‘lgan samarali moliyalashtirish mexanizmini yaratish ko‘zda tutilgan. Bu, albatta, bejiz emas. Chunki rivojlangan mamlakatlarda kapital bozori iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarini moliyalashtirish hamda aholi farovonligini oshirishning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Chunonchi ayrim rivojlangan davlatlarda kapital bozorining kapitallashuvi mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM)ga nisbatan 100 foiz va undan ham ortiqni tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 30-60 foiz atrofida. O‘zbekistonda esa YAIMga nisbatan 1 foizga ham yetmaydi.

Kapital bzori ulushini oshirish uchun, birinchi navbatda, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimi samarali ishlashi lozim. Aksariyat aksiyadorlik jamiyatlarida davlat ulushining saqlanib qolayotganligi xususiylashtirish jarayoni samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, fond bozorining rivojlanishiga to‘sqinlik qilyapti.

 2021 yilning yanvar holatida 596 ta aksiyadorlik jamiyati bo‘lib, ular  chiqargan aksiyalarning nominal qiymati 149,5 trillion so‘mni tashkil etgan.   Aksiyadorlik jamiyatlarining 254 tasi (42 foizi)da davlat ulushi mavjud bo‘lgan. Ular tomonidan chop etilgan aksiyalar nominal qiymati 127,6 trillion so‘m (85,3)ga teng. Ayrim tarmoq va sohalarda davlat ulushining saqlanib qolayotgani korxonalar faoliyatiga bozor mexanizmlarini joriy etish jarayoni kechikishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, unga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, innovatsion jarayonlarning faollashuviga to‘sqinlik qilmoqda. Prezident farmonida kapital bozorini yanada rivojlantirish borasidagi barcha holatlar nazarda tutilgan. Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi, birinchi navbatda, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, davlat aksiyalar paketini sotish jarayonlarini yanada tezlashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, davlat aktivlarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, kapital bozorining iqtisodiyotni rivojlantiruvchi muhim omillardan biriga aylanishiga zamin yaratadi.

 Farmonda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun, eng avvalo, kapital bozorini rivojlantirish vositalari samarali ishlashi lozim. Rivojlangan mamlakatlar amaliyotidan ma’lumki, kapital bozori faoliyati bevosita korporativ boshqaruv tizimi qay darajada amal qilishi, fond bozorlarining samarali ishlashi, innovatsion salohiyat darajasi, investitsiya dasturlarini ustuvor sohalarga joriy etish, infratuzilmani rivojlantirish hamda mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishga bog‘liq.

Kapital bozorini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan bunday o‘zgarishlar mamlakatda qulay investitsion muhit yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarida integratsiyalashuv jarayonini rag‘batlantirish va moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etishni taqozo etadi.  

Buning uchun ustuvor sohalarga investitsiyalarni jalb etish, mamlakatning tabiiy, mineral xomashyo, moddiy, moliyaviy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, samarali raqobat mexanizmini yaratish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash lozim. Yana bir muhim masala shundan iboratki, aholining qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan ishonchini tiklash zarur. Ana shunda pul jamg‘armalari ko‘payadi, aholining investitsiyaviy faolligi oshadi.

Kapital bozorining barcha segmentlarini rivojlantirish, sohaga ilg‘or xalqaro amaliyot va tajribalarni joriy qilish, ortiqcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish iqtisodiyotga investitsiyalar kiritishni rag‘batlantiradi. Kapital bozori orqali iqtisodiyotga  xususiy investorlarni keng jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

 

Nodirbek Rasulov,  

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy  

tadqiqotlar instituti bosh ilmiy  

xodimi, iqtisodiyot fanlari  nomzodi, dotsent.