Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kapital bozorida investitsiya muhiti yaxshilanadi
13:38 / 2025-12-23

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, quyidagilar 2030 yilga qadar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi: 

a) zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish orqali fond bozoriga 1 mlrd AQSH dollari, shu jumladan, 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi hisobiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilishga erishish; 

b) kapital bozori ishtirokchilarining investitsiyalari xavfsizligini kafolatlovchi mexanizmlarni joriy etish hisobiga bartaraf etiladigan huquq buzarliklar ulushini 85 foizdan oshirish; 

v) kapital bozori ishtirokchilari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda moliyaviy hisobotlar, korporativ harakatlar va muhim faktlarni majburiy oshkor etish darajasini 95 foizga yetkazish. 

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 sentyabrdagi PQ-291-son qaroriga muvofiq kapital bozorida joriy etilgan "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimi cheklanmagan muddatga amal qiladi. 

Kapital bozorida Tartibga solish qumdoni doirasida quyidagi huquqlar beriladi: 

a) O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan Tartibga solish qumdoni ishtirokchisi maqomini olish. Bunda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qimmatli qog‘ozlar bozori sohasida so‘nggi ikki yilda qonun hujjatlarini buzgan shaxslarga ushbu maqomni berishni rad etishga haqli; 

b) O‘zbekiston Respublikasi rezident-emitentlarining korporativ obligatsiyalari nominal qiymatini xorijiy valyutada ifodalash hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan fond birjasining tegishli maydonchasida joylashtirish va ularning muomalasi bilan bog‘liq to‘lovlar va hisob-kitoblarni ham xorijiy valyutada amalga oshirish; 

v) chet ellik ishtirokchilarga, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga, shu jumladan, investitsiya fondlariga ular tomonidan chiqarilgan va ularga tegishli bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarga nisbatan kastodial va nominal saqlash xizmatlarini ko‘rsatish; 

g) O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan investitsiya vositachilariga chet el investitsiya vositachilari, banklari, kastodianlari, savdo maydonchalari, litsenziyalangan investitsiya platformalari, tan olingan chet el yurisdiksiyalarining xalqaro va milliy markaziy depozitariylarida chet el qimmatli qog‘ozlari oldi-sotdisi va ular bilan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida pul va depozitar hisobvaraqlar ochish; 

d) Agentlik tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga asosan xorijiy birja indekslariga kiritilgan aksiyalar, xorijiy kompaniyalarning obligatsiyalari va davlat obligatsiyalari, savdo qilinadigan birja fondlari (ETF), indeks fondlarining qimmatli qog‘ozlari hamda xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari bo‘yicha savdolarni tashkil etish. Bunda ushbu moliyaviy instrumentlar bo‘yicha: 

savdolar fond birjasi yoki investitsiya vositachisi tomonidan fond birjasining tegishli maydonchasida yoki investitsiya vositachisining elektron platformasida tashkil etiladi; 

ularning hajmlari Markaziy bank bilan kelishgan holda Agentlik tomonidan tasdiqlanadi; 

j) yuridik shaxslarga banklardan nominal qiymati chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni to‘lash va majburiyatlarni bajarish uchun Agentlik tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish hujjatining nusxasiga muvofiq zarur hajmdagi chet el valyutasini sotib olish; 

z) emitentlarga qonun hujjatlarida belgilangan hollarda o‘z kapitali miqdoridan ortiq bo‘lgan korporativ obligatsiyalarni ta’minotsiz chiqarish. 

2026 yil 1 iyuldan boshlab rentabellik, to‘lov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning ijobiy ko‘rsatkichlarini hisobga olmagan holda, shuningdek, qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish paytidagi emitentning barcha majburiyatlarining o‘z kapitaliga nisbati Agentlik tomonidan belgilanadigan normativga muvofiq bo‘lgan taqdirda hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda ta’minotsiz o‘z kapitali miqdoridan ortiq korporativ obligatsiyalarni chiqarishga ruxsat beriladi.

O‘zA