Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kanokpan Lao-Araya: "OTB O‘zbekiston uchun 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan  sheriklik strategiyasini  tayyorlamoqda" ega bo‘ladi "
21:07 / 2024-03-07

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Osiyo taraqqiyot bankining  mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasida press-brifing tashkil etildi. Unda OTBning O‘zbekiston hukumati bilan  hamkorligi, faoliyati natijalari va istiqboldagi rejalar haqida so‘z bordi. 

– Vakolatxonamizning yangi binosida  barchangiz bilan uchrashib turganimdan mamnunman, – dedi Osiyo taraqqiyot bankining  mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim. – Suhbatimiz avvalida  2023-yilda erishgan  muhim natijalar hamda  joriy yildagi  vazifalar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. 

Osiyo taraqqiyot banki  O‘zbekistonning eng yirik  hamkorlaridan biridir. 2023-yilda bank ko‘magi asosan mamlakatimizning past uglerodli, inklyuziv va bozor iqtisodiyotiga o‘tish  bo‘yicha islohotlarga  qaratildi. U O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uning davlat boshqaruvi  islohotlari,  iqtisodiyotdagi  islohotlar, xususiy  mulk va tadbirkorlikni mustahkamlash, shuningdek, transport va savdo aloqalarini yaxshilash, ijtimoiy sohani rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlari bilan  chambarchas bog‘liq. 

OTB bunda siyosiy  maslahatlarni taqdim etish,  “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, xususiy sektorni  rivojlantirish, iqtisodiy va  ijtimoiy tengsizlikni  kamaytirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali  mintaqaviy hamkorlik va  integratsiyani rag‘batlantirmoqda. 

Ta’kidlash kerakki, 2023  yilda OTB  davlat ko‘magi doirasidagi 7 ta yangi  loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun  mamlakatimizga  880 million dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. 325 million dollardan ortiq mablag‘ energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari integratsiyalashga  yo‘naltirildi. 240 million dollarlik kredit  qishloq yo‘llarini yaxshilash, iqlimga chidamlilikni oshirish, qishloqlarni rivojlantirishga  qaratildi. Xususan, Jizzax, Xiva,  Yangiyer kabi shaharlarda  inklyuziv, barqaror shahar infratuzilmasi va xizmatlarni  qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 59,5 million  dollarlik  loyiha amalga oshirilmoqda. Umumiy miqdori 250 million dollarlik yana ikkita loyiha iqtisodiy boshqaruvni yaxshilash hamda kichik va o‘rta  korxonalarni  qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi. 

Shuningdek,  OTB turli  sektorlar, xususan, qishloq xo‘jaligi, energetika, moliya va sog‘liqni saqlash kabi sohalarga ham sarmoya kiritdi. O‘tgan yili OTB 904,11 million dollarlik  kelishuvlarni  tasdiqladi va moliyalashtirdi. Taqqoslaganda,  1998-yildan 2020-yilgacha  suveren bo‘lmagan operatsiyalarning umumiy hajmi 431 million dollarni tashkil etadi.

Qayd etilganidek, OTB kelgusi yillarda  “yashil” energetika,  oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash sohalari,  savdo va  ta’minot zanjirini moliyalashtirish  dasturlari, oqova suvlarni  boshqarish, OTBning 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyalariga  mos keladigan boshqa sohalarga  yo‘naltirilgan kelishuvlarga sarmoya kiritish orqali o‘zining suveren bo‘lmagan  faoliyatini davom ettiradi.  

– Iqtisodiy islohotlarni  amalga oshirish va  “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonida institutsional  mustahkamlash  OTBning  O‘zbekiston Respublikasi  Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bo‘lgan  siyosiy  muloqotining  eng muhim  masalasidir,   – dedi  Kanokpan Lao-Araya xonim. – 2023-yilda  OTB vazirlikka energetika  sohasida gender bo‘yicha salohiyatni oshirish, shuningdek, davlat korxonalarini karbonsizlashtirish  bo‘yicha tahliliy yordam ko‘rsatdi. O‘zbekiston Respublikasi   Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi uchun loyihalarni  tayyorlash va amalga oshirish  tizimining  takomillashuvini  baholash uchun salohiyatni yuksaltirish qo‘llab-quvvatlandi.  Bundan tashqari, 2023-yilda OTBning  O‘zbekistondagi  ofisi  o‘zining tahliliy markazlari  tarmog‘ini kengaytirib,  tadqiqotlar sohasida  kommunikatsiyalarni rivojlantirishga hissa qo‘shdi.

Brifingda Kanokpan Lao-Araya xonim 2024 yilgi rejalar haqida gapirar ekan, unda OTBning  ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi  ko‘magi  O‘zbekistonda  inson kapitalini  rivojlantirish uchun  muhim ahamiyatga ega bo‘lishini qayd etdi. Hukumat so‘roviga binoan, ushbu ikki sohada qariyb 200 million dollarlik  loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda.

2024-yilda  O‘zbekiston Respublikasi   Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘quvchilarning mehnat bozorida  muvaffaqiyatga erishishi uchun ularga zarur bilim berish maqsadida o‘rta maktablarda fan va texnologiyalar, muhandislik va matematikani o‘rgatishga qaratilgan yangi loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.  Shuningdek, OTB O‘zbekistondagi  perinatal markazlarni modernizatsiya qilish orqali  ushbu sohani yaxshilashga qaratilgan  yangi loyiha ustida ish olib bormoqda. 

– OTB suv resurslarini oqilona boshqarish,  mintaqaviy  yo‘l aloqasini yaxshilash, energetika sohasidagi islohotlar  hamda  moliya bozorlarini  rivojlantirish  borasidagi ishlarni davom ettiradi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik  va xususiy  sektorga  sarmoya kiritish sohasida maslahat yordamini  ko‘rsatish ishlari ham davom ettiriladi. OTB O‘zbekiston uchun 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan  sheriklik strategiyasini  tayyorlamoqda. Undagi ustuvor yo‘nalishlar "O‘zbekiston-2030" strategiyasi va  OTBning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi  bilan hamohangdir, –dedi so‘zi yakunida Kanokpan Lao-Araya xonim. 

Nasiba ZIYODULLAEVA, 
O‘zA muxbiri.