Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kannabis o‘simligini yetishtirish va foydalanish tartibi qanday?
14:50 / 2020-12-12

Adliya vazirligi brifingida kannabis o‘simligini yetishtirish va foydalanish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xil fikrlar va munosabatlarga oydinlik kiritildi.

Brifingda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva mavzu bo‘yicha ma’lumot  berdi. 

O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari 
va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, kannabis o‘simligini faqat sanoat maqsadlarida yetishtirishga ruxsat berilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Giyohvandlik vositalari to‘g‘risida Yagona Konvensiyaning (1961 yil 30 mart, Nyu-York) 
28-moddasi ikkinchi qismida mazkur Konvensiya kannabisni sanoat 
va bog‘dorchilik maqsadlarida yetishtirishga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan faoliyatning ayrim turlarini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan litsenziyalaganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari tasdiqlangan. 

Unga muvofiq, tarkibida giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foiz bo‘lgan kannabis o‘simligini giyohvandlik moddalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida (tola va urug‘) yetishtirish BHMning 3000 baravari, shuningdek olib kirish, qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish uchun BHMning 200 baravari miqdorlari belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining “Kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 7 dekabrdagi 770-son qarori tasdiqlangan bo‘lib, mazkur qaror kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish bilan hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga soladi.

Shuni inobatga olish lozimki, ushbu hukumat qarorida kannabis o‘simligini yetishtirish va undan olinadigan hosilni qayta ishlash va saqlash qat’iy nazoratga olinishi talablari belgilangan bo‘lib, kannabis o‘simligi va uni qayta ishlashdan olinadigan maxsulotlar tarkibida tetrakannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizdan oshgan taqdirda, ushbu o‘simlik, shuningdek uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar belgilangan tartibda olib qo‘yilishi hamda yo‘q qilinishi o‘rnatilgan.

Mazkur hukumat qarori bilan kannabis o‘simligini yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash tartibini o‘z ichiga olgan nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, kannabis o‘simligini yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Kannabis o‘simligini yetishtirish va foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya 5 yil muddatga beriladi.

Litsenziya olgan yuridik shaxs kannabis o‘simligini yetishtirish yoki saqlash ob’ektlari (joylari)ni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda tegishli himoya qilinishini (qo‘riqlanishini) tashkil etishi lozim. Xuddi shunday, kannabis o‘simligini tashish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatda avtotransport vositalarini tegishlicha kuzatuvini ta’minlashi lozim.

Kannabis o‘simligini sanoat maqsadlarida yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan yerlar ajratib beriladi.

Nizomga muvofiq kannabis o‘simligini yetishtirish va foydalanish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.