Bu yil O‘zbekiston Milliy paviloni 75-Xalqaro Kann kinofestivali doirasida uchinchi marotaba ish boshladi. Pavilon 18 maydan 22 maygacha faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, u dunyodagi eng taniqli va yirik kino bozori – Kruazet qirg‘og‘ida o‘tkaziladigan “Marché Du Film”da ish olib boradi.
Pavilonga kino, TV va media olami professionallari tashrif buyurishi kutilmoqda. Ular butun dunyodan yangi loyihalarni tanlash, taklif etilayotgan lokatsiyalarni ko‘zdan kechirish va suratga olish haqida kelishuvlarga erishish uchun Kannda to‘planadi.
Tashkilotchilarning sa’y-harakati bilan O‘zbekiston “Marché Du Film” kino bozori markazida AQSH, Xitoy, Avstriya va boshqa mamlakatlar yaqinidagi nufuzli joyga ega bo‘ldi. Yarmarka ishi davomida O‘zbekiston o‘z lokatsiyalarida film va media-mahsulotlarni suratga olishga butun dunyodan prodyuser va rejissyorlarni jalb etishi aytildi.
Qayd qilinishicha, O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, betakror yodgorliklarining film va teledasturlarda ko‘rinishi xorijiy sayyohlar e’tiborini tortishi tayin. Zero, bu turizmda olg‘a siljishning sinalgan usullaridan biri.
Qolaversa, bu yil O‘zbekistonda film suratga olish istagida bo‘lgan kinokompaniya va telekanallar xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi ma’lum qilindi. Professionallar hamjamiyatida bu taklif katta qiziqish uyg‘otdi va pavilon ishining dastlabki kunidanoq faol muzokaralar boshlandi.
Pavilon ishi vaqtida Kann kinofestivali mehmonlariga “Uzbekistanʼs club” global motivatsion platformasi taqdimoti namoyish etiladi. Uning loyihalaridan biri 2022 yilning martida taqdim etilgan “O‘zbekistonlik” filmidir.
O‘zA