Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kanglum, mendan bo‘lak kiming bor sening...
11:33 / 2022-05-28

“Ikrom aka zamonaviy o‘zbek she’riyatiga “kangul” so‘zini olib kirgan va bu so‘z uning dastxatiga aylangan shoir.

Bu insonni o‘zini shoir deb sanagan kimgadir tanishtirish shartmas. “Kangul odami”... Bu so‘z shoirning o‘ziga xos “fishkasi” degan edi hamkasblarimizdan biri.

Qashqadaryoda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, atoqli shoir Ikrom Otamurod tavalludining 70 yilligi munosabati bilan adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ilk uchrashuv Qarshi shahridagi Abdulla Oripov ijod maktabida bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida shoirning yangi kitobi – “Sukut sadosi” she’riy to‘plami o‘quvchilarga taqdim etildi.

Ikrom Otamurod (Otamurodov Ikrom Islomovich) 1951 yil 5 mayda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Xo‘jakasbi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1969-1974-yillarda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida o‘qigan. 1974 yil fevral oyidan O‘zbek sovet ensiklopediyasi (hozirgi O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat-ilmiy nashriyoti)da ishlagan. 1975 yil aprel oyidan buyon “Sharq yulduzi” jurnalida musahhih, adabiy xodim, bo‘lim mudiri, bosh muharrir muovini sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Shoirning “Vaqt ranglari” (1982), “Janub qushlari” (1983), “To‘rg‘ayli manzillar” (1983), “Ufqlar orti bepoyon” (1987), “Xaritaga tushmagan joylar” (1992) “Uzoqlashayotgan og‘riq” (1992), “Sopol siniqlari” (1994), “Sen” (1996), “Ichkari va tashqari” (1997), “Ruhimning qayg‘usi” (1997), “Kanglum, o‘zing”, “Tavr”, “Tag‘azzul” she’riy kitoblari chop etilgan.

Uchrashuvda taniqli adabiyotshunos olimlar, shoirlar, jamoat arboblari va yoshlar so‘z olib Ikrom Otamurod ijodi, hayot yo‘li haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Bu kabi tadbirlar shoir tug‘ilib o‘sgan Kasbi tumanida ham o‘tkazildi.

O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.