Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi Kanalyoqa qishlog‘ida bir necha yildan buyon qurilishi chala qolgan suv inshootida ishlar yakuniga yetkazilib, aholi xonadonlariga 5,6 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi va 2000 ga yaqin aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Bunday inshootlar tegishli dasturlar asosida har yili, har bir hududda foydalanishga topshirilyaptiku, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, davlat va hududiy dasturlar bo‘yicha bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo Kanalyoqadagi ishlar davlat yoki hududiy dastur asosida emas, balki nodavlat notijorat tashkiloti loyihasi bo‘yicha bajarildi.

– Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida o‘tgan yildan yangicha tizimda ishlay boshladik, – dedi inshootni foydalanishga topshirish marosimida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Kamoliddin Ishanxojayev. – Xususan, o‘tgan yilning shu paytlari joylarga chiqib aholining muammolarini o‘rgandik va ularni real hal qilish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarining aniq yo‘nalishdagi loyihalariga grantlar ajratilishi uchun mavzular belgiladik. Shu tarzda Samarqand, Jizzax, Farg‘ona, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasidagi faol NNTlar hududlarida suv bilan bog‘liq muammolar yechimi yuzasidan loyihalar ishlab chiqdi va ularga grantlar ajratildi. Ushbu grant mablag‘lari hisobidan bugunga kelib, mamlakatimizdagi 20 mingga yaqin aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Jumladan, Samarqand viloyati “Imkon” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va "Inson" taraqqiyoti markazi mazkur hudud suv ta’minotini yaxshilash loyihasini amalga oshirib, 250 dan ortiq xonadonning toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga sababchi bo‘ldi.

– 1966 yildan buyon shu qishloqda yashaymiz, lekin toza ichimlik suvimiz yo‘q edi, – deydi Shodiyor Isoqov. – Hududda yerosti suvi yaqin – o‘n metr chuqurlikdan suv chiqadi. Bu suv ichishga yaroqsiz bo‘lsa ham o‘zimiz qazib olgan quduq va pishma krandan foydalanib, iste’mol qilardik. O‘n yillar avval qishlog‘imizda suv chiqarish ishlari boshlangandi, lekin ko‘p o‘tmay ishlar to‘xtab qoldi. Shundan beri ana ishlar, mana ishlar deb kutib keldik. Bu yil “Imkon” nodavlat tashkiloti qishloqni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasini amalga oshirishni boshlaganda, to‘g‘risi, ishonmagandik. Yo‘q, bular ishni oxiriga yetkazdi va bugun xonadonlarimizga toza suv keldi.


Yangi inshootni foydanishga topshirish chog‘ida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Samarqand filiali tomonidan mahalla aholisiga 10 turdagi dori-darmon va optik ko‘zoynaklar tarqatildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari