English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kanallarni betonlashtirish ishlari qanday ketmoqda? — Vazirga parlament so‘rovi yuborildi
18:39 / 2025-09-09

Bugungi kunda aholi va qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlash, suvdan oqilona foydalanish, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish, magistral va ichki kanallarni betonlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu suv tanqisligi sharoitida mavjud suvdan samarali foydalanishda muhim o‘rin tutadi.

Ammo aholi sonining muttasil o‘sishi, iqtisodiyot tarmoqlarining kengayishi suvga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Bu esa suvni iqtisod qilishda yanada samarali chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo etadi.  

Deputatlarning saylov okruglaridagi uchrashuvlari hamda hududlarda o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari davomida ushbu sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar, qator masalalar borligi aniqlangan.  

Xususan, suvdan foydalanuvchilar tomonidan suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida joriy etilayotgan suvni tejaydigan texnologiyalar tannarxining qimmatligi va ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda sifat ko‘rsatkichlari talab darajasida emasligi ma’lum qilingan.

Tomchilatib, yomg‘irlatib va egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orishda qo‘llanilayotgan texnologiyalar qisqa muddatlarda foydalanilgach, keyingi yillarga yaroqsiz holga kelib qolish holatlari uchramoqda.

Bundan tashqari, suv sarfini kamaytirish maqsadida magistral va ichki kanallarni betonlashtirish uchun ajratilgan mablag‘larni o‘z vaqtida o‘zlashtirishni ta’minlash hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan sug‘orish tarmoqlariga beton qoplamalarini yotqizish ishlarini rag‘batlantirish tizimini yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu kabi masalalardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi majlisida suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi, suvni tejaydigan texnologiyalarning tannarxini kamaytirish, sohaga ajratilayotgan subsidiyalar, magistral, ichki kanallar va boshqa irrigatsiya ob’ektlarini betonlashtirish ishlarining borishi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida suv xo‘jaligi vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA