Bugun iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi va qishloq xo‘jaligida barqarorlikni ta’minlash masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday sharoitda Navoiy viloyatida sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, ayniqsa, kanallarni betonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
2025-2026 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi doirasida viloyat hududida umumiy uzunligi 26,9 kilometr bo‘lgan kanallarni betonlashtirish rejalashtirilgan. Bu ishlar sug‘orish tarmoqlarini tubdan yangilash, mavjud infratuzilmani mustahkamlash hamda suv yo‘qotishlarini keskin kamaytirishni ko‘zda tutadi. Dasturga muvofiq, 5 ta muhim ob’ektdan iborat manzilli ro‘yxat tasdiqlanib, qurilish-montaj ishlari 2025 yil oktyabr oyidan boshlab jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

– Ayni paytga kelib, rejalashtirilgan ishlarning salmoqli qismi bajarilgan, – deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot xizmati rahbari G‘iyos Djanzakov. – Jumladan, kanallarning 15,6 kilometrida yer ishlari tugallanib, bu umumiy hajmning 58 foizini tashkil etmoqda. Shuningdek, 13,1 kilometr masofada betonlashtirish ishlari amalga oshirilib, ko‘rsatkich 49 foizga yetdi. Bu esa belgilangan muddatlardan ortda qolmasdan, ishlarning tizimli va nazorat asosida olib borilayotganini ko‘rsatadi. Barcha ishlar 2026 yil vegetatsiya davri boshlangunga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.
Kanallarni betonlashtirishning ahamiyati faqat texnik jihat bilan cheklanib qolmaydi. Amaldagi ochiq yer kanallarida suvning katta qismi yerga singib ketishi yoki bug‘lanish orqali yo‘qolishi sir emas. Betonlashtirish esa ushbu yo‘qotishlarni bir necha barobar kamaytirish, suvni aniq hisob asosida taqsimlash va ekin maydonlarini barqaror suv bilan ta’minlash imkonini beradi. Natijada dehqon va fermer xo‘jaliklarida hosildorlik oshishi, suvdan foydalanish madaniyati shakllanishi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda barqarorlik ta’minlanishi kutilmoqda.

Bu jarayon iqtisodiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Suv yo‘qotishlarining kamayishi energiya va moliyaviy xarajatlarni qisqartiradi, sug‘orish tizimlarining xizmat muddatini uzaytiradi. Shu bilan birga, suv tanqisligi sharoitida har bir tomchi suvdan samarali foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish imkoni yaratiladi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati bilan uyg‘un hisoblanadi.
Loyihalar ijrosi qat’iy nazorat ostida amalga oshirilmoqda. Davlat dasturlari ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi tomonidan Navoiy viloyatidagi ob’ektlarda bajarilayotgan ishlar muntazam o‘rganilmoqda. Bu esa loyihalarning shaffof, sifatli va samarali amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Umuman olganda, Navoiy viloyatida kanallarni betonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar suv xo‘jaligini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash hamda hududning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim infratuzilmaviy tashabbus sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu loyihalar nafaqat bugungi, balki kelajak avlod uchun ham barqaror suv ta’minotiga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri