French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kanallar atrofidagi yerlar o‘n yilgacha ikkilamchi ijaraga berilishi kutilmoqda
11:50 / 2024-05-21

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis kun tartibidan bir qator qonun loyihalari hamda parlament nazoratiga oid masalalar o‘rin olgan.

Majlisda dastlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  

Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining joriy yil 27 fevral kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qonun loyihasidagi ayrim moddalarni qayta ishlash, loyihani yanada takomillashtirish va pishiq-puxta holatga keltirish hamda maromiga yetkazish maqsadida mas’ul qo‘mitaga qaytarilgan edi. O‘tgan davrda mas’ul qo‘mita a’zolari berilgan barcha takliflar va bildirilgan e’tirozlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilayotgan normalarni viloyatlarga chiqqan holda, fermer xo‘jaliklari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rgandi.  

— Qoʻmita aʼzolari oʻrganishlar yakunlari hamda fermer xoʻjaliklari tomonidan bildirilgan takliflarni eʼtiborga olgan holda qonun loyihasi bilan Yer kodeksining 40-moddasiga hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 17-moddasida nazarda tutilayotgan normalarni maromiga yetkazishdi, — dedi deputat Ravshan Begmatov. — Yaʼni, qonun loyihasi bilan Yer kodeksi hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari oʻn yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan mazkur yer uchastkalarida hamda bog‘lar va tokzorlarning qator oralariga maqbul ekinlar ekilishini yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga pillachilik va tutchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, agrosanoat klasterlariga va boshqa yuridik shaxslarga maydoni o‘n gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi mumkinligi belgilanmoqda.  

Shu bilan birga, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligi va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga doir vakolatlari nazarda tutilmoqda, — dedi ma’ruzachi.  

Qonun loyihasi moddama-modda muhokama qilinib, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.  

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA