English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kanada – Xitoy yaqinlashuvi: global bo‘lingan dunyoda yangi strategik yurish
01:02 / 2026-01-20

Global siyosatdagi keskin raqobat kuchayishi, iqtisodiy to‘siqlar ko‘payishi asnosida Kanada va Xitoy o‘rtasida kutilmagan, ammo ramziy ahamiyatga ega yaqinlashuv kuzatilmoqda. Kanada Bosh vaziri Mark Karni Pekinda XXR rahbari Si Szinpin bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasida “tarixiy yutuqlar”ga olib kelishi mumkin bo‘lgan yangi strategik sheriklik boshlanayotganini ma’lum qildi.

2017 yildan buyon Xitoyga ilk bor tashrif buyurgan Kanada Bosh vazirining bu qadami tasodifiy emas. AQSH bilan savdo munosabatida yuzaga kelgan taranglik, xususan Prezident Donald Tramp tomonidan joriy etilgan boj tarifi Ottava uchun tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish zaruratini yanada kuchaytirdi. Shu ma’noda Pekin Kanadaning AQSHdan keyingi ikkinchi yirik savdo hamkori sifatida yana strategik maydonga qaytmoqda.

Karni ta’kidlashicha, yangi sheriklik qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, energetika, moliya kabi sohalarda tez va barqaror natija berishi mumkin. Uning fikricha, ikki tomon bir-birining salohiyatini to‘ldirib, uzoq muddatli iqtisodiy foydaga erisha oladi.

Si Szinpin ham ushbu yaqinlashuvni qo‘llab-quvvatlab, Kanada bilan munosabatni “tarix va xalqlar oldidagi mas’uliyat” ruhida rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. Bu bayonot Pekin AQSH boshchiligidagi bosim sharoitida G‘arbning yetakchi davlatlaridan biri bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilayotganini ko‘rsatadi.

To‘g‘ri, tahlilchilar Ottavaning Vashingtondan keskin yuz o‘girishini kutmayapti. Zero, AQSHning yaqin ittifoqchisi bo‘lib qolayotgan Kanadaning xavfsizlik va razvedka tizimi Amerika bilan chambarchas bog‘langan. Shunga qaramay, Xitoy bilan pragmatik  iqtisodiy siyosat yuritish AQSH yetakchiligidagi “iqtisodiy ajralish” siyosati barcha ittifoqchilar tomonidan bir xil qabul qilinmayotganini namoyon etadi.

Tan olish kerak, Kanada va Xitoy munosabatida muammolar ham bor. Avvalgi hukumat tomonidan Xitoy elektromobillariga joriy etilgan tarif va Pekinning bunga javob sifatida Kanada qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘ygan cheklovi hali o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q.

Baribir, Karnining Pekinga tashrifi Kanada tashqi siyosatining yangi, ko‘proq mustaqil va milliy manfaatga asoslangan bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatadi. Bo‘lingan dunyo sharoitida Kanada – Xitoy muloqoti nafaqat ikki davlat, balki global geosiyosiy muvozanat uchun ham muhim ogohlik qo‘ng‘irog‘i o‘laroq yangramoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA