Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tushunarsiz xabar kanadaliklar e’tiroziga sabab bo‘ldi. Gap shundaki, Oq uy rahbari Donald Tramp “Truth Social”da e’lon qilgan suratda u Yevropa yetakchilari bilan suhbatlashayotgani ko‘rsatilgan, orqa fonda esa sun’iy intellekt yordamida ishlangan xaritada AQSH bayrog‘i Kanada, Grenlandiya va Venesuelaning ustiga qo‘yilgan edi.
Bunday holatlar Ottava uchun Vashington bilan munosabatlarda yangilik bo‘lmasa-da, hozirgi vaziyatda Kanada Tramp ma’muriyatining provokatsion talablariga tayyor turishga intilayapti.
Kanada bosh vaziri Mark Karni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida kuchli davlatlar “iqtisodiy integratsiyani qurol sifatida”, “bojlarni bosim vositasi sifatida”, “ta’minot zanjirlarini esa zaiflik sifatida” ishlatadi, deb ogohlantirib, hukumatga kelajakda strategik choralar ko‘rishni maslahat berdi.
U o‘z nutqida Qo‘shma Shtatlarni ochiq nomlamagan bo‘lsa-da, bu vaziyatni “global uzilish” sifatida ta’riflab, o‘rta darajali davlatlar birgalikda harakat qilishi lozimligini qayd etib: “Agar biz hozir stol atrofida bo‘lmasak, ertaga menyuda bo‘lamiz” dedi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA