Kanada Bosh vaziri Mark Karni uzoq vaqt mudofaa sohasida Qo‘shma Shtatlarga tayangan mamlakat bundan buyon Qurolli kuchlarini zamonaviy talab darajasiga keltirishni rejalashtirayotganini e’lon qildi.
– Armiyamizga kam mablag‘ ajratilardi, – dedi Karni Kvebekda mahalliy telekanallar uchun uyushtirilgan matbuot anjumanida. – Oxirgi konservativ hukumat davrida mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotning 1 foizdan kami sarflandi. Endi nafaqat Qurolli kuchlarni zamonaviy standartga moslashtiramiz, balki mamlakatimiz duch keladigan tahdidlarga qarshi kurashishga tayyor holatga kelamiz. Kanada bundan buyon Ukrainaga yordam beruvchilar koalitsiyasi kabi tashabbuslarda ishtirok etish orqali Yevropani qayta qurollantirish va transatlantik xavfsizlikni mustahkamlashda ham ishtirok etadi. Ayni maqsadlarga erishish uchun Ottava ichki mudofaa ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi.
Mart oyida Karni partiyasi navbatdan tashqari saylovda g‘alaba qozonsa, mamlakat mudofaasiga misli ko‘rilmagan sarmoya kiritilishini aytgan. Avvalroq mamlakat general-gubernatori Meri Saymondan parlamentni tarqatib yuborish va 28 aprelgacha muddatidan oldin saylov o‘tkazishni so‘ragani haqida gapirgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp bir necha bor Kanadaning Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilishi tarafdori sifatida shimoliy qo‘shnisi mudofaa uchun yetarli mablag‘ ajratmayotganiga ishora qilib, himoya uchun Vashingtonga umid bog‘laganini iddao qilgan.
S.Rahimov, O‘zA