Hududiy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish hamda aholi bandligini ta’minlash bugungi islohotlarning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan qo‘ziqorin yetishtirish loyihasi iqtisodiy samaradorlik va tashkiliy yondashuv uyg‘unligining amaliy namunasidir.

Janubiy Mirzacho‘l magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi tasarrufidagi “Paxtakor” avtogaraji hududida mavjud binodan unumli foydalangan holda veshenka navli qo‘ziqorin yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Loyiha rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini ko‘paytirish, byudjetdan tashqari daromad manbalarini shakllantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Ilk bosqichda 70 dona maxsus polietilen qoplarda tayyor substratlar joylashtirilib, ishlab chiqarish jarayoni boshlandi. Natijada doimiy ish o‘rni yaratildi va mahalliy aholi bandligi ta’minlandi. Loyihaning muhim jihati shundaki, u katta kapital sarmoya talab etmasdan, mavjud infratuzilma negizida tashkil etildi.

Qo‘ziqorin parvarishi uchun mo‘ljallangan xona agrotexnik talablarga muvofiq jihozlangan. Tabiiy, mo‘’tadil yorug‘lik, 15–25 daraja oralig‘ida barqaror harorat va muntazam shamollatish tizimi hosildorlikni ta’minlamoqda. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, veshenka qo‘ziqorini 10–15 kunda ilk o‘sish bosqichini o‘taydi, 20–30 kun davomida hosil beradi. Bir substratdan bir terimda o‘rtacha 3–4 kilogramm, uch terim davomida esa 9–12 kilogrammgacha mahsulot olish imkoniyati mavjud.
Iqtisodiy jihatdan mazkur yo‘nalish yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish xususiyatiga ega. Mahsulot bozorda talabgir, ayni paytda parhezbop va sog‘lom oziq-ovqat sifatida e’tirof etilgan. Shu bois, qo‘ziqorin yetishtirish faqat daromad manbai emas, balki aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash orqali ijtimoiy barqarorlikka ham hissa qo‘shmoqda.
E’tiborli jihati — loyiha mavjud bo‘sh binolardan samarali foydalanish orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa davlat tashkilotlari faoliyatida resurs tejamkor va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv madaniyati shakllanayotganini ko‘rsatadi. Ushbu tajriba boshqa hudud va tizimlarda ham qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan amaliy model sifatida ahamiyatlidir.
Kelgusida substratlar sonini ko‘paytirish, ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan. Bu esa loyihaning barqarorligi va uzoq muddatli iqtisodiy samarasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, qo‘ziqorin yetishtirish kabi kam xarajat talab qiladigan, ammo yuqori samara beruvchi loyihalar hududiy iqtisodiyotni mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlash va davlat tashkilotlarida byudjetdan tashqari daromad manbalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tashabbuslarni tizimli qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish iqtisodiy islohotlarning amaliy natijadorligini yanada oshiradi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA