French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kamtarona xizmatimizning yuksak e’tirofi
19:21 / 2025-08-29

Munosabat

Yosh ulg‘aygan sari kishining tafakkur tarzi ham, dunyoqarashi ham kengayib boraverar ekan. Ancha yillar oldin biror xushxabarni eshitsam, uni shundayligicha qabul qalar edim. Endi esa hech biror yangilik, voqea-hodisa oddiy emas, balki ularning zamirida hikmatlar borligini, Alloh taoloning inoyati, aziz insonlarning sharofati ekanini anglab yetyapman.

Ikki kun oldin matbuotda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonlarini o‘qib, ro‘yxatda kamina ham borligi tufayli ko‘zlarimda yosh halqalandi.

Bu quvonch yoshlari ikki buyuk siymo tufayli paydo bo‘ldi. Birinchisi, buyuk muhaddis Imom Buxoriy rahmatullohi alayh bo‘lsa, ikkinchisi, u ulug‘ zotning boy ilmiy merosini kelajak avlodga bezavol yetkazishga katta hissa qo‘shayotgan, allomani mangu qo‘nim topgan maskanni obod qilayotgan muhtaram Yurtboshimizdir.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, ikkala orden ham buyuk muhaddis nomiga ta’sis etilgan: «Oliy Darajali Imom Buxoriy» hamda «Imom Buxoriy» ordeni. Bunday ordenning ta’sis etilishi muhaddislar sultoniga bo‘lgan ehtiromning oliy namunasidir. Shu bilan birga, avlodlarimizdan yana Imom Buxoriylar chiqishi uchun shu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan olimlarga, ulamolarga beriladigan mukofotdir.

O‘zbekistondan yana Imom Buxoriylar chiqishi uchun nima qilish kerak? Avvalo, yosh avlodni bilimli, ma’orifatli, odob-axloqli qilib voyaga yetkazish zarur. Buning uchun buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun muhim dasturilamal bo‘lishi kerak.

“Muhaddislar sultoni”, “Dunyo imomi”, “Rajulun Nabiy” kabi unvonlari bilan butun islom olamida katta shuhrat qozongan buyuk vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim Ibn Mug‘ira Juafiy Buxoriyning shoh asari bo‘lmish “al-Jome’ as-sahih” Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli manba hisoblanadi.

Misrlik olimlar “Sahihul Buxoriy”ga nisbatan “Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi asosiy manba” degan iborani eshitsalar, g‘azablanadilar. Buning boisi so‘ralganda: «Qur’oni karim, shubhasiz, birinchi manba va ilohiy kalom. Lekin “Sahihi Buxoriy” bashariyat tomonidan bitilgan eng ishonchli asar. Shu bois uni “Birinchidan keyingi birinchi manba” deyish maqsadga muvofiqdir», deydilar.

“Sahihi Buxoriy” asari, xususan, uning 78-kitobi, ya’ni “Odob kitobi” axborot xurujlari kuchaygan, har qadamda yot aqidalarni, g‘oyalarni, mafkuralarni media makon orqali yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga bo‘lgan urinishlar har qachongidan ko‘ra kuchaygan bugungi davrda yana ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

“Biz boy madaniyatimiz, shonli tariximiz, qadim qadriyatlarimizni, ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini qanday asrab qolishimiz mumkin?” degan savol har bir ota-onani, murabbiyni qiynashi tabiiy.

Bu savolga ulamolar: “Yoshlarning xulq-atvori, axloqini shakllantirish orqaligina ularni saqlab qolish mumkin”, deyishgan.

“Sahihi Buxoriy”da kelgan hadislar 7563 ta bo‘lib, birgina “Adab” kitobida odob-axloqqa oid 254 ta hadis jamlangan. Shu bilan birga, alloma 1200 dan ortiq hadisni o‘zida jamlagan “Al-adab al-mufrad” kitobini ham ta’lif etgan.

Bir hadisda: “Mezonga qo‘yiladigan eng og‘ir narsa go‘zal xulqdir”, deyilgan.

Boshqa bir hadisda: «Har biringiz mutasaddisiz, har biringiz qo‘l ostingizdagilar uchun mas’ulsiz. Har bir rahbar insonlar ustidan mutasaddidir va ular uchun mas’uldir. Er o‘z ahli ayoli va qo‘l ostidagilar ustidan mutasaddidir va ular uchun mas’uldir. Xotin erining uyida mutasaddidir va qo‘l ostidagilar uchun mas’uldir. Qul xojasining moliga mutasaddidir va uning uchun mas’uldir. Har biringiz qo‘l ostingizdagilar uchun mas’ulsiz», deb marhamat qilingan (“Sahihul Buxoriy”, 853-hadis).

Xulosa qilib aytganda, bugungi axborot xurujlari kuchaygan davrda yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda buyuk ajdodlarimizning bebaho durdona asarlari bizga yaqin ko‘makchidir. Muhtaram Prezidentimiz kamtarona xizmatlarini yuksak e’tirof etib, «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlaganlari bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bundan buyon ham ana shu yuksak mukofotga munosib bo‘lib, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, mo‘min-musulmonlarning ma’rifati va ma’naviyatini yanada yuksaltirishga bor kuch-g‘ayratimni safarbar etaman.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

Islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD),

«Imom Buxoriy» ordeni sohibi