O‘zbek xalqi shunchalar buyuk daholarni, ulug‘ shoirlarni, kamtarin va samimiy insonlarni voyaga yetkazdiki, ular bu millatning millat bo‘lib shakllanishiga xizmat qildi.
Shuning uchun ham ular bu olamni tark etsa-da, kishilar xotirasida yashayveradi. Ulug‘larning qilgan ishlari, hayot yo‘li xotirlansa, eslovchi ko‘ksida yorug‘ hislar paydo bo‘ladi. Ana shu buyuk siymolar orasida xalqimiz qalbidan o‘chmas joy egallagan ustoz adibimiz, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ham bor.
“Hayot yo‘li davomida kattani hurmatini, kichikni izzatini joyiga qo‘yib, bizga o‘rnak bo‘ldi. Umri davomida faqat insonlarga ezgulik qilish haqida o‘yladi” deya xotirlaydi ulug‘ shoirimizning farzandi Xurshid Vohidov. Quyida uning padari buzrukvori haqidagi xotiralarini e’tiboringizga havola etamiz.

Padari buzrukvorim haqida o‘ylar ekanman, ul zot qanchalik mashhur shoir bo‘lmasin, men uchun avvalo ota sifatidagi fazilatlari yodimga tushadi. Bolaligimdagi dadamlar bilan bog‘liq ilk xotiram: biror narsadan yig‘lagan bo‘lsam kerak, osmondagi yulduzlarni ko‘rsatib: “Ana, anovini qaragin, qara endi bunisini qaragin” deb qorong‘uda yupatganlari edi. Meni «O‘g‘lon» deb chaqirardilar. Kechki payt ishdan qaytganimda oldilariga kirsam, meni ko‘rib quvonib ketishlarini eslayman, «O‘g‘lon, keldingmi, ishlaring yaxshimi, hayotingdan xursandmisan, hayotingdan rozimisan?» deb kulib ko‘rishadigandek tuyulaveradi.
Yoshligimdan dadamlar bilan faxrlanib katta bo‘lganman. Dadamlar 30 yoshga kirganlarida men tug‘ilganman. O‘sha paytda ularning bir necha kitoblari chiqqan, taniqli shoir edilar. Ozgina esimni tanib, biror joydagi tadbirlarga o‘zlari bilan olib borsalar, odamlarning taniganini, kelib ko‘rishishlarini, keyinchalik turli uchrashuvlarga, viloyatlarga meni ham olib borganlarida muxlislari adamlarni o‘rab olib dastxat olishlarini, rasmga tushishlarini ko‘rib, ular bilan faxrlanar edim. Doimo el nazarida, hurmatida bo‘ldilar, dadam to‘g‘risida faqat yaxshi gaplarni eshitib, qilgan yaxshiliklarini ko‘rib, katta bo‘ldim.
Yoshligimdan xonadonimizga odamlar turli manzillardan, turli masalalarda yordam so‘rab kelishardi. Ularning ishlari dadamlarning sohalariga aloqasi bo‘lmasa ham, qo‘llaridan kelgancha yordam berar edilar. Hattoki, umuman, begona odamlar bo‘lsa ham. Esimda, bir safar ertalab ishga shoshilib chiqib ketayotganlarida uyimizga bir bemor odam kelib yordam so‘raganida, ularni xizmat mashinalariga o‘tqazib, kasalxonaga joylashtirib, keyin xizmatga ketgan edilar. Shunga o‘xshash holatlar juda ko‘p bo‘lardi...
Hayotda juda band, ishlari, ijodi bo‘lishiga qaramasdan oilasiga, farzandlariga ham e’tiborlari katta bo‘lgan. Biror marta menga qo‘l ko‘targanlarini eslolmayman. Lekin jiddiy ayb ish qilsam, bitta qarashlari yoki bir og‘iz «O‘g‘lim, yaxshi ish bo‘lmabdi», deyishlari menga tarsakidan yomon ta’sir qilardi. O‘shaning o‘zi yetardi, yerga kirib ketguday bo‘lardim. Maktabga borganimda esa darslarimni so‘rashlari, ba’zida birga o‘tirib dars tayyorlashimga yordam berishlari, shaxmatga o‘rgatganlari, to‘garaklarga olib borganlari, birgalikda varrak yasab uchirganlarimiz eng baxtli damlarim edi. Yonimizdagi «Yubileyniy» sport saroyiga 2-3-sinf paytlarimda mahalladagi sinfdoshim ikkalamizni azonda, maktabda darsimiz boshlangunga qadar muzda xokkey o‘ynagani olib borganlari xotiramda qolgan. Ayniqsa, 1970-75-yillar orasida ishdan vaqtincha bo‘shab, “Faust” tarjimasi bilan shug‘ullangan kezlari xotiramda eng yaxshi davr bo‘lib qolgan. O‘sha yillari dadamlar birinchi mashinalarini sotib olib, har yili yozda oilamiz bilan Issiqko‘lga dam olgani “Moskvich”da borar edik. Bahor paytlari esa qarindoshlari, do‘stlari, oilaviy bo‘lib toqqa, lola sayliga chiqishardi. Umuman, dadam tabiatni, sayrni juda yaxshi ko‘rar edilar va bizni ham olib yurib, farzandlarining quvonganini ko‘rib ikki barobar quvonar edilar.
Xonadonimizdagi kitoblarga to‘la kutubxonamiz bizda mutolaaga mehr uyg‘onishiga asos bo‘ldi. Qayerga safarga borsalar, diplomatlari to‘la kitob bilan kelar edilar. Ayniqsa, Moskvaga borganlarida birinchi bo‘lib hammamizni chaqirib sovg‘alarini tarqatar, bu biz uchun bayram bo‘lardi, o‘zlari ham quvonar va, albatta, chemodanlari to‘la kitob bilan kelar, kutubxonamiz yana boyirdi.
Keyinchalik, ulg‘aygach, menda mashinaga ishqibozlik paydo bo‘ldi. Haydovchilik guvohnomasini olgan paytlarim, 17-18 yoshlarimda dadamlar safarga boradigan bo‘lib qolganlarida, mashinada aeroportga shoshilinch olib borishimga to‘g‘ri keldi. Shunda yulda sodir bo‘lgan voqea kechagiday yodimda. Ruldaman, dadam yonimda, aeroportga kelganda to‘xtab o‘tish belgisi bor ekan, shoshganim uchun to‘xtamasdan yurishni davom ettirdim. Chetda DAN xodimi turgan ekan, meni to‘xtatdi. U 50 yoshlardagi rus millatiga mansub kishi ekan, oldiga bordim. Hujjatimni ko‘rib, qoida buzganimni, “znak”da to‘xtamay o‘tganimni aytib, guvohnoma olib qo‘yilishini aytdi.
Men unga o‘zimni oqlab, qoida buzganim yo‘q, to‘xtadim, deb aybimdan tona boshladim, DAN xodimi esa asabiylasha boshladi. Shunda mashina eshigi ochilib dadam tushib keldilar va “Xurshid, uyalmaysanmi? Nega o‘zingdan katta odamga yolg‘on gapirasan, to‘xtaganing yo‘q-ku!” deb, meni qattiq urishib berdilar. Jim bo‘lib qoldim. DAN xodimi ham biroz jim bo‘lib qoldi va mendan bu odam kimligini so‘radi, dadamlar desam, «Mana shu odamning hurmati uchun guvohnomangni qaytarib beraman, mana bu odam eski “zakalka” odam ekan, boshqa yolg‘on gapirmagin!” deb hujjatlarimni qaytarib berdi. Mulzam bo‘lib mashinaga o‘tirdim... Dadam nasihatbozlikdan qochardilar, har doim o‘zlari namuna bo‘lar edilar. Lekin bu qilmishimdan so‘ng yo‘lda yolg‘onning gunohligi, yolg‘on gapirgan odamning qo‘lidan hamma narsa, boshqa yomon ishlar ham kelishi to‘g‘risida gapirgan edilar. Bu voqea miyamga muhrlanib qolgan va yolg‘on gapirish, birovni aldash eng katta gunohligini tushunganman.
Yangi yilni hamma oila a’zolarimiz bilan birga kutish odat tusiga kirib qolgan tadbir edi. Shunda adam yangi yil kirib kelishiga 5-10 daqiqa qolganda so‘z olib, kuzatayotgan yilimizda oilamizga bog‘liq nima voqealar, qanday yutuqlar yoki kamchiliklar, esda qoladigan qanday voqealar bo‘lganligi haqida gapirib, kelayotgan yilda bizni kutayotgan ish, tadbirlar haqida so‘zlab, har birimizga yaxshi niyatlar tilar va biz ham ikki og‘iz tilaklarimizni aytardik.
Men ToshDUning sharqshunoslik fakulteti arab tili bo‘limini tamomladim. Keyinroq 2-mutaxassislikka o‘qib, Xalq xo‘jaligi institutini tamomladim va kasbimni shu sohada davom ettirdim. Soham boshqa bo‘lishiga qaramasdan adamlarning maslahatlarini olib turardim. Ayniqsa, ish, atrofimdagi odamlar bilan bo‘ladigan qiyinchilik, tushunmovchiliklarda doim ular bilan maslahatlashar edim. Hozir ham biror ishda qiyinchilik bo‘lsa dadamlar nima degan bo‘lardilar, deb o‘ylayman. Dadam – mening faxrim!
Zerikish degan narsa dadamlarga umuman begona edi. Yolg‘iz qolganlarida ham biror ish bilan yoki doimo ijod bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Dadamlarni hech qachon qariya odam deb tasavvur qilolmayman. Doimo ish bilan band, kostyum-shim, bo‘yinboqda, qo‘llarida diplomat, ertalabki choydan so‘ng mashinaga o‘tirib ishga ketar, doimiy xizmat safarlari, uchrashuvlar va boshqa turli-tuman tadbirlarda faol qatnashib, tinimsiz ijod bilan mashg‘ul bo‘lardilar.
Nafaqaga chiqqanlaridan so‘ng ham shu odatlari qolmagan. Nonushtadan so‘ng yana o‘sha liboslarda, diplomatlarini olib mashinaga o‘tirib, eski Nizomiy nomidagi Pedagogika instituti (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti) ro‘parasidagi ijodxonalariga ketardilar. Ketishlaridan oldin nonushta qilib o‘tirganimizda menga: “Xurshid, erkak kishi ertalab choy ichgandan so‘ng ishga ketishi kerak”, deb qo‘yardilar. Nafaqaga chiqsam, vaqtim bemalol bo‘lib ijodimni qilsam, deb orzu qilardilar. Niyatlari amalga oshib, oxirgi yillar adamlarning ijodlari barakali bo‘ldi. Yangi she’rlar yozildi. “Umrim sarhisobi” deb butun ijodlarini o‘zlari qaytadan ko‘rib chiqqach, 8 tomlik kitob bo‘ldi. “ So‘z latofati” juda ommalashib ketdi.
O‘zlari ham doim : «Insonga eng davo narsa mehnat ekan. 4 tomlik kitobim chiqdi, yozadigan narsalarimni yozib bo‘ldim, endi bemalol dam olib, maza qilib yursam, dam olsam, desam, ahvolim yomon tarafga o‘zgaradi va aksincha ish bilan band bo‘lsam, ijod qilsam, o‘zimni yaxshi his etaman. Odam mehnat bilan band bo‘lishi kerak ekan,doimo harakatda bo‘lishi, biror narsaga intilib yashashi kerak ekan», derdilar.
Dadam irodali, biror narsadan nolimagan inson edi. Nafaqaga chiqqanlaridan keyin oxirgi olti-yetti yil davomida dadamlar televideniye orqali ko‘rsatilmadi, markaziy axborot vositalari ularning ijodlari yoki dadamlar haqida biror narsa ma’lumot bermadi. Shunga qaramasdan men ularning kimnidir ayblaganlarini, shikoyat qilganlarini, noliganlarini eshitmaganman. Vafotlaridan biroz oldin gaplashib turganimizda menga: «Xurshid, men roziman, hammadan roziman! Yaxshi yashadim, hukumatimizdan ham roziman, ko‘p va eng yuqori mukofotlarni oldim, ko‘p kitoblarim nashr qilindi», deb gapirdilar. Men shunday kuchli, irodali, matonatli otamni yo‘qotib qo‘ydim...
Hali ham yarim uyquda yurganga o‘xshayman. Qani edi, ertalab uyqudan uyg‘onsam, hammasi tushim bo‘lib chiqsa, dadamlar hayot bo‘lsalar, to‘yib- to‘yib gaplashsam, gapirolmagan gaplarimni aytsam, qilolmagan ishlarimni qilsam. Kechqurun ishdan uyga qaytganimda hali ham uyda o‘tirgandek bo‘ladilar, har doimgidek “O‘g‘lon, keldingmi, kuning yaxshi o‘tdimi, hayoting yaxshimi, hayotingdan rozimisan?”, deb kulib ko‘rishishlarini, keyin o‘tirib hammamiz birgalikda kechki ovqatni tanovul qilishimizni sog‘indim... Dadamlar oilamizning ustuni, fayzi edilar. Men uchun har taraflama mukammal, to‘kis inson edilar. Mening eng katta baxtim shunday ulug‘ insonning farzandi bo‘lib dunyoga kelganim. Hayotda nimagaki erishgan bo‘lsam, dadamlar tufayli erishganman.
Bugun har doimgiday nonushtadan so‘ng xizmatga otlanib, xayrlashish uchun oyimlarning xonalariga kirdim. Kirsam, oyim xonada yolg‘iz o‘zlari, qo‘l telefonlari orqali «O‘zbegim» qo‘shig‘ini eshitib o‘tirgan ekanlar. Ko‘zlari to‘la yosh. O‘zim ham ikki kun oldin dadamlar tushimga kirganidan, xayolim ularda edi. Oyimning yonlariga o‘tirdim, qo‘shiqni birga oxirigacha eshitdik. Oyim ham dadamlarni juda sog‘inganlarini aytdilar...
Yoshlikda, maktabda o‘qigan paytlarim kechqurun dala hovlimizda o‘t ustida kabob pishirib, dadamlar bilan birga osmondagi charaqlab turgan yulduzlarni tomosha qilib o‘tirgandik. Shunda men dadamlardan so‘ragan edim: «Ada, inson vafotidan keyin nima bo‘ladi, umuman, hamma narsa tugaydimi?» Shunda dadamlar biroz o‘ylab: “Yo‘q, inson vafot etgani bilan uning ongi, bu dunyoda olgan ilmlari yo‘q bo‘lib ketmaydi, uning ruhi o‘lmaydi”, degan edilar.
Men uchun dadamlar hamisha barhayotlar. Yurtimizda bugungi kunda ularning orzularidagidek bo‘layotgan o‘zgarishlar, ularning xotirasiga bo‘layotgan hurmat, e’tiborni ko‘rib ruhlari shod bo‘layapdi, deb ishonaman.
O‘zA muxbiri Dilobar Mamatova yozib oldi.