English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kamtarin, mehnatkash ijodkor yodi
16:31 / 2025-12-22

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor xotirasiga bag‘ishlangan ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Asqad Muxtor ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi.  

Asqad Muxtor mohir muharrir, yaxshi shoir va adib, ajoyib tarjimon, talabchan ustoz sifatida milliy adabiyotimizga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlardan sanaladi.  

Yozuvchi hozir milliy adabiyotimiz darg‘alariga aylangan ko‘plab yozuvchilarga ustozlik qilgani e’tiborga molik. Ayni paytda uning kamtarinligi, mehnatsevar inson bo‘lgani, tartib-intizomga qat’i rioya etgani, ijodga va ishga katta mas’uliyat bilan yondashgani bugungi ijodkorlar uchun ibrat bo‘lishga arzigulikdir.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, atoqli shoir, nosir va dramaturg Asqad Muxtor 1920 yilning 23 dekabrida Farg‘ona shahrida temir yo‘l ishchisi oilasida tug‘ilgan edi. U 11 yoshida otadan yetim qolib, bolalar uyida tarbiyalangan. Maktabni tugatgach, Asqad Muxtor universitetga – hozirgi O‘zMUga (1938) kirib o‘qiydi. So‘ng Andijon pedagogika institutida o‘zbek adabiyoti kafedrasining mudiri bo‘lib ishlaydi.  

Ustoz ijodkor  «Yosh leninchi» (1945), so‘ngra «Qizil O‘zbekiston» gazetalarining muharririyatlarida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, «Sharq yulduzi» jurnalida bosh muharrir (1960-1965), O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasida kotib (1957) bo‘lib ishlaydi. «Guliston» jurnaliga, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligiga muharrirlik qildi.

Asqad Muxtorning «Tilak», «Tong edi», «Totli damlar» singari ilk she’rlari adabiyot bilimdonlariga yaxshi ma’lum. Shoir Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan «G‘alaba ishonchi», «Jangchining bayram kechasi», «Tug‘ishganlar qaytdi», «Sog‘inish» singari qator she’riy asarlarini yaratib, xalqni fashist bosqinchilariga qarshi kurashga undaydi.  

Vatan go‘zalliklarini, uning bebaho  boyliklarini, xalq hayotidagi katta o‘zgarishlarni tasvirlovchi «Po‘lat quyuvchi» (1947), «Hamshaharlarim» (1949), «Rahmat, mehribonim» (1954), «Chin yurakdan» (1956) she’riy kitoblarini yozdi.

Asqad Muxtor «Mardlik cho‘qqisi» (1948), «Yaxshilikka yaxshilik» (1949), «Samandar» kabi pesalar ham yozgan. Yozuvchining «Daryolar tutashgan joyda» (1950), «Qoraqalpoq qissasi» (1958), «Buxoroning jin ko‘chalari» kabi qissalarida, «Opa-singillar» (1955), «Tug‘ilish» (1963), «Davr mening taqdirimda» (1964), «Chinor» (1973), «Amu» kabi romanlarida zamonamizning muhim muammolari o‘z ifodasini topgan.

Asqad Muxtorning «Chin yurakdan» (1956) she’riy kitobi, «Hayotga chaqiriq» (1956), «Dunyo bolalari» (1962) hikoyalar to‘plamlari o‘zbek bolalar adabiyoti xazinasini boyitgan.

Adabiyotshunos olimlar fikriga ko‘ra, shoirning «99 miniatyura», «Karvon qo‘ng‘irog‘i» she’riy kitoblari 60-70 yillar o‘zbek she’riyatida katta voqea bo‘lgan. Ularda inson qalbining toblanishlari chuqur intellektual his-tuyg‘u vositasida talqin etilgan.

Sofokl, Tagor, Pushkin, Lermontov, Mayakovskiy, M.Gorkiy, T. Shevchenko, Blok, Korneychuk asarlari Asqad Muxtor tarjimasida o‘zbek kitobxonlarining ma’naviy mulkiga aylangan.

Asqad Muxtor lirik shoir, taniqli adib, mohir tarjimon sifatida o‘zbek madaniyati taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. U O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Hamza nomidagi respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Istiqlol yillarida ustoz yozuvchining mehnatlari yuksak qadrlanib, 1995 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.

Anjumanda Asqad Muxtor asarlarining badiiyati, o‘ziga xos jihatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.  

N.Usmonova, O‘zA muxbiri