O‘zbekiston sportining shuhrati tobora keng quloch yoymoqda. Futbolchilar jahon chempionatiga yo‘llanma olgan bo‘lsalar, bokschilar olimpiada va chempionlik shohsupasini bir necha bor egallashdi.
Mana endi mamlakatimizda kamondan otish sporti rivoj topib bormoqda. Hozir O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining har bir viloyatda hududiy bo‘linmalari mavjud. Shuningdek, Olimpiya va parolimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va sport maktablarida kamondan otish bo‘limlari bor.

Bangkokda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi I bosqichida O‘zbekiston ayollar jamoasi 1-o‘rin, Antaliyada bo‘lib o‘tgan Yevropa granprisida aralash jamoalar o‘rtasida 3-o‘rinni egalladi. Shu kunlarda Farg‘ona shahrida sportning “eng nozik” turi bilan shug‘ullanuvchilar O‘zbekiston kubogi uchun kurash olib borishyapti. 247 nafar sportchi qatorida 38 nafar parolimpiadachi ham bosh sovrin uchun musobaqalashadi.

– Surxondaryo viloyatidagi Termiz parolimpiya va olimpiya sport turlariga tayyorlash markazida kamondan otish sporti bo‘limida 14 nafar sportchi muntazam shug‘ullanib kelmoqda, – deydi kamondan otish bo‘yicha Surxondaryo viloyati bo‘limi murabbiysi Shamsiddin Omonqulov.

–Sport maktablarimizda ham 150 dan ortiq sportchilar o‘z mahoratini oshirmoqda. Biz shahar, viloyat chempionatlarini o‘tkazib, iqtidorli yoshlarni tanlayapmiz.

Ular kelgusida mamlakat terma jamoalaridan o‘rin olishiga ishonaman. Farg‘onada o‘tayotgan O‘zbekiston kubogi musobaqalari shanba kunigacha davom etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cqu3UC41aJU" title="Kamondan otish ustalari Farg‘onada musobaqalashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video,surat), O‘zA