Prezidentimiz tashabbusi bilan 15 oktyabr kuni poytaxtimizda ish boshlagan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya bugun Xiva shahrida o‘z ishini davom ettirmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari mazkur nufuzli tadbir, ulug‘ mutafakkir bobolarimiz merosi xususida o‘z fikrlarini bildirmoqda. Ulardan biri Sulton Sharif Ali islom universiteti professori Kamoliddin Marjuniy (Bruney Sultonligi):
– Tarixan Islom sivilizatsiyasining markazi bo‘lib kelgan O‘zbekiston zaminida o‘tkazilayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya turli tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda g‘oyat dolzarb va ahamiyatli, deb hisoblayman.
Din haqidagi noxolis va xato tushunchalarni, ayniqsa ekstremistik va radikal g‘oyalarni bartaraf etish, ularning yoshlar ongiga salbiy ta’sirini oldini olishda olimlar, targ‘ibotchilar va soha mutaxassislarining o‘rni katta. Ular islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berishlari, yot g‘oyalarga ilmiy asoslangan raddiya tayyorlashlari, sog‘lom va mo‘’tadil qarashlarni keng yoyishlari zarur.
Bugungi globallashgan jamiyatda yoshlarga katta e’tibor qaratish lozim. Ularning bilimi va dunyoqarashini doimiy oshirib borish, tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini yuksaltirish zarur deb hisoblayman. Ushbu konferensiya qayd etilgan dolzarb muammolarning ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqishda muhim platforma vazifasini bajarishiga ishonaman.
O‘zbekiston – ulamolar yurti. Bu diyordan Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar yetishib chiqqan. Ularning ilmiy merosidan bugun butun dunyo foydalanib kelmoqda. Masalan, Islomda adashgan g‘oyalardan chalg‘imaslikda Imom Moturidiy ta’limotining ahamiyati katta. Bu ta’limot dinda turli adashishlardan asraydi.
Konferensiya sho‘’balari tarkibiga kirgan mavzular juda keng qamrovli ekani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi. Men “Zamonaviy jamiyatda g‘oyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechim” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok edim.
Ajdodlaringizning merosi tinchlikni asrash, dunyoda ezgulik va ma’rifat tarqatishdek maqsadlarda barchaga qo‘l kelmoqda.
N.Usmonova, O‘zA