English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kamoliddin Ishanxodjayev: Jurnalistlar — fuqarolik jamiyatining ko‘zgusi va elchisidir
17:30 / 2025-06-23

Bugungi globallashuv va axborot zamonida jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni tezkor, xolis va ta’sirchan tarzda yoritishda ommaviy axborot vositalari alohida o‘rin tutadi. Mana shunday sharoitda OAV va NNT o‘rtasidagi samarali hamkorlik jamiyat taraqqiyotida muhim omil hisoblanadi.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasida yaqinlashayotgan 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatini keng yoritish, jamoatchilikka yetkazish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda faol ishtirok etgan jurnalistlar, blogerlar va internet nashrlari vakillarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi xodimlari, yetakchi OAV vakillari, tajribali jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi — NNTlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamiyatda faol fuqarolikni shakllantirishda OAVning beqiyos hissasini e’tirof etishdan iborat.

Shu munosabat bilan, NNTlarning inson huquqlari, inklyuziya, yoshlar masalalari, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy tenglik va mahalliy tashabbuslarni targ‘ib qilishga qaratilgan faoliyatini xolis va tizimli yoritib kelayotgan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

— Jurnalistlar — fuqarolik jamiyatining ko‘zgusi va elchisidir. Ular orqali NNTlar amalga oshirayotgan ezgu ishlar haqida keng jamoatchilik xabardor bo‘ladi. Haqqoniy, xolis va ta’sirli materiallar orqali fuqarolarning ijtimoiy faolligi ortmoqda. Shu bois, bugungi mukofotlar ularning mehnati va sadoqatini tan olishdir, — deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev.

Shuningdek, mamlakatimiz Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi Farmoniga muvofiq, “Oltin qalam” milliy mukofoti doirasida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalarini yoritish bo‘yicha eng yaxshi material” nominatsiyasining joriy etilishi ham ushbu sohadagi OAV faoliyatining davlat darajasida e’tirof etilayotganining yaqqol dalili sifatida alohida qayd etildi.

Tadbir yakunida NNTlar va OAV o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, birgalikda loyihalar amalga oshirish hamda jamiyat hayotida muhim ijtimoiy mavzularni yoritish masalalari kelishib olindi.

Nigora Rahmonova, O‘zA