Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kamol et kasbkim, olam uyidin...
12:31 / 2026-02-10

Insoniy ishq-muhabbatni, mehru vafo, iffat, sadoqat, sharmu hayo va nazokatni yonib, hassoslik bilan kuylagan Navoiyning betakror g‘azal va ruboiylarini o‘qiganda buyuk va oliyjanob qalb sadolarini sezib turamiz.

Bu yurak tug‘yonlari, oradan asrlar o‘tib millionlab odamlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda.

Meni men istagan o‘z suhbatig‘a arjumand etmas,

Meni istar kishining suhbatin ko‘nglim pisand etmas.

Andijon davlat universitetida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludiga 585 yil to‘lishi munosabati bilan “Alisher Navoiy – millat quyoshi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda universitet rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev Alisher Navoiy ijodining milliy ma’naviyat va madaniyatimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritdi. 

Filologiya fanlari doktori, professor Abdulhay Sobirov o‘z so‘zida Alisher Navoiy hayoti va ijodi, uning bebaho adabiy merosi, insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan tarbiyaviy asarlarini o‘rganish, keng targ‘ib etish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini alohida ta’kidladi. 

– Navoiyni qancha ko‘p o‘qisak, ijodini qancha chuqur o‘rgansak, uning betakror ijodini shu qadar teranroq anglab boraveramiz. Bugungi tadbirda ham ulug‘ shoir ijodiy merosining yangi qirralari, o‘ziga xos jihatlari haqida keng ma’lumotlar oldik, – deydi universitet o‘qituvchisi Xurshida Azamjonova.

Talabalar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur, sahna ko‘rinishlari, Navoiyning g‘azallari asosida ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, ijodkor yoshlar mushoirasi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. 

Tadbir yakunida Navoiy ijodini keng targ‘ib etish, uning boy ma’naviy merosini yoshlar ongiga singdirish yo‘lida faollik ko‘rsatayotgan bir guruh talabalar hamda professor-o‘qituvchilar universitet rektorining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat), O‘zA