Kamilla Rahimova Dubayda chempion bo‘lmoqchi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tennis bo‘yicha “Dubai Duty Free Tennis Championships” turniriga start berildi. Mazkur musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan eng kuchli tennischilar qatorida hamyurtimiz Kamilla Rahimova ham ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla musobaqani asosiy to‘r bahslariga yo‘llanma beruvchi saralashdan boshlaydi. Uning ilk davradagi raqibi argentinalik Solana Serra hisoblanadi. Ushbu uchrashuv 13-fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Mazkur turnirning mukofot jamg‘armasi 4 million 88 ming 211 AQSH dollarini tashkil etadi. Yakkalik bahslar g‘olibi esa 665 ming AQSH dollari va 1 ming reyting ochkosiga ega bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA