Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining mas’ullari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev ishtirok etib, Orolbo‘yi aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning bugungi holati, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar hamda sohadagi qonun buzilishi holatlariga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiya holatlari oxirgi najotni shifokorlardan kutib, sog‘lig‘idagi muammolariga shifo istab borgan bemorlarni yanada og‘ir holatga solib qo‘yishi, hattoki inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Shu sababli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tizimda keng ko‘lamli o‘rganishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2024 yil va joriy yilning 5 oyida tizimda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan qariyb 1 ming 800 ga yaqin qonun buzilish holati bo‘yicha 823 ta prokuror nazorati hujjati qo‘llanilgan. Qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 15 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 1000 nafardan ziyod shaxsning huquqi tiklangan.
Ming afsuski, bir necha bor tanqid qilinishiga qaramasdan aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, patronaj xizmati, davolash jarayonlari hali ham talabga javob bermaydi.
Yig‘ilishda sohada patronaj xizmati mutlaqo talabga javob bermasligi, dori-darmon vositalari zaxirasi aholining haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqmasdan shakllantirilayotgani, tibbiyot birlashmalaridagi 20 ming 620 ta tibbiy jihozning 2 ming 148 tasi nosoz holatda bo‘lsa, 983 tasi ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi qayd etildi. Sohani raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish maqsadida qabul qilingan davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 dekabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi umuman nazoratga olinmaganligi, “Dmed” elektron dasturi bilan ishlash borasida ayrim xodimlar deyarli tushunchaga ham ega emasligi kabi holatlar tanqid qilindi.
Yig‘ilish natijasi bilan qonun buzilishi holatlarini qisqa fursatda bartaraf qilish va mas’ul shaxslarning javobgarligi masalasini hal qilish borasida vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri