Kamchatkada 6,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
Rossiyaning Kamchatka yarim orolida 6,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda "Rossiya Fanlar akademiyasi Birlashgan geofizika xizmati" federal tadqiqot markazining mintaqaviy bo‘limi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar bergan.
Mahalliy vaqt bilan soat 12:42 da kuzatilgan hodisaning markaziy nuqtasi o‘lka ma’muriy markazi hisoblanadigan Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 143 km masofada, 59,4 km chuqurlikda joylashgan.
Hozircha qurbonlar yoki vayronagarchilik xususida ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 30 iyulda ham Kamchatkada 1952 yildan keyingi eng kuchli ofat - 8,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Shundan buyon olimlar har kuni aftershok - takroriy yer osti qimirlashi holatlarni qayd etib kelmoqda.
G.Sattorova, O‘zA